Ish haqi

Ish haqi — mehnatga pul shaklida to’lanadigan haq; qiymatning o’zgargan shakli, ish kuchi (taqdim etilgan mehnat xizmati)ning bahosi. Ish kuchi qiymati va narxi bevosita Ish haqida ifodalanadi. Ish haqi darajasi mehnat bozoriga kelishiladi. Xodim mehnat bozorida mehnatni emas, o’z ish kuchini sotadi. Ish haqi mehnatning pul shaklidagi bahosi bo’lib, uni ishga yollovchilar (korxona, muassasa, tadbirkor) mehnat qiluvchilarga ma’lum vaqt mobaynida ma’lum miqdordagi va muayyan sifatli ishni bajarganliklari uchun to’laydilar. Yollanma xodim uchun Ish haqi asosiy daromadi manbai hisoblanadi. Bozor iqtisodiyoti sharoitlarida mehnatning miqdori va sifatiga qarab mehnatga qaq to’lashning, asosan, vaqtbay va ishbay tizimlari qo’llaniladi. Vaqtbay Ish haqi shaklida xodim oladigan Ish haqi miqdori ishlagan vaqt bilan bog’liq bo’ladi, ya’ni Ish haqi miqdori mehnat unumdorligi va intensivlik darajasiga bog’liq emas. Ishbay Ish haqi xodimning ma’lum vaqt mobaynida tayyorlangan mahsuloti miqdori bilan o’lchanadi. Ishbay Ish haqining ko’rinishlaridan biri akkord Ish haqi bunda jamoa yoki ayrim xodimga ish hajmi oldindan belgilab beriladi, umumiy haq summasi kelishib olinadi. Ish butunlay yakunlanganidan keyin Ish haqi oxirigacha to’lanadi. Ish haqining bunday shaklidan ko’pincha qurilishda foydalaniladi. Bulardan tashqari O’zbekistonda Ish haqidan tashqari mehnatda erishgan yutuqlari uchun mukofotlash ham mavjud. Bular vaqtbay mukofot, ishbay mukofot tizimlari hamda korxonada olingan foyda hisobidan ajratiladigan moddiy rag’batlantirish fondidan mukofotlash tizimidir. Ish haqi miqdori yollanma xodimlarning turmush darajasini ifodalovchi ko’rsatkichdir. Nominal va Real Ish haqi ko’rsatkichlari mavjud. Nominal Ish haqi yollanma xodimning o’z mehnati evaziga olgan pul daromadalari. Real Ish haqi xodimning olgan Ish haqiga qancha va qanday iste’mol buyumlari sotib olishi va madaniy-maishiy xizmatlardan foydalanish mumkinligini ko’rsatadi. Odatda, mehnat bozorida ish kuchiga muvozanatli narx shakllanadi. Bu narx Ish haqi yoki Ish haqi stavkasi deb ataladi. Mehnat birligining bozor narxi Ish haqi miqdori (stavkasi) bo’lib, lavozim okladi tarzida yoki shartnomaga muvofiq belgilab qo’yiladi, lekin mamlakatda qonun bilan belgilangan eng kam Ish haqi darajasidan oz bo’lishi mumkin emas. Shuningdek, Ish haqi miqdori muayyan vaqt birligi (soat, kun, hafta, oy) ichida bajariladigan va muayyan kasb-malaka xususiyatlariga ega bo’lgan mehnatga to’lanadigan haq darajasini belgilaydi. Ish haqi- yollanma xodim daromadining asosiy manbai, unga tegishli ish qobiliyatiga bo’lgan mulkchilik huquqini iqtisodiy jihatdan ro’yobga chiqarish shakli. Shu bilan birga ish beruvchi uchun yollanma xodimlar mehnatiga to’lanadigan haq ishlab chiqarish xarajatlarining unsurlaridan biri. Ish beruvchi mehnat resurslaridan ishlab chiqarish omillaridan biri sifatida foydalanish uchun uni xarid qiladi. Ish haqining asosiy vazifasi Ishlab chiqarishning bevosita qatnashchisi bo’lgan xodim hamda uning oila a’zolarining hayot va mehnat faoliyati sharoitlarini ta’minlashidan iborat. Qiymatning mehnat nazariyasi ish kuchini alohida, o’ziga xos tovar deb hisoblaydi. Shu sababli, bu nazariya Ish haqini tovar bo’lgan ish kuchi qiymatining o’zgargan shakli, ya’ni uning puldagi ifodasi deb hisoblaydi va uni ish kuchini takror ishlab chiqarish uchun zarur bo’lgan tirikchilik vositalari qiymati tarzida ta’riflaydi. Ish haqiga ish kuchi qiymatining puldagi ifodasi sifatida qarash aniq mehnat bozorida Ish haqi darajasiga talab va taklif omillarining ta’sirini hisobga olmaydi. Iqtisodiy rivojlangan mamlakatlar mehnat bozorida Real Ish haqining o’rtacha darajasi yashash uchun zarur tirikchilik vositalari minimumiga qaraganda ancha yuqori darajada turadi. Bozor iqtisodiyoti sharoitida Ish haqi xajmiga bir qator bozor omillari (tovarlar va xizmatlar bozorida talab va taklif o’zgarishlari, mehnatga bo’lgan talab narxining o’zgaruvchanligi, iste’mol tovarlari va xizmatlar narxi o’zgarishi va boshqalar) va bozordan tashqari omillar ta’sir ko’rsatadi, buning natijasida mehnatga xaq to’lashning muayyan darajasi vujudga keladi. Rivojlangan mamlakatlarda Ish haqini tashkil etish (Ish haqi miqdori, mehnat miqdori va sifati bilan unga to’lanadigan haq miqdori o’rtasidagi bog’liqlikni ta’minlash, mehnatni me’yorlash, tarif tizimi va boshqalar) va tartibga solishda davlat muhim rol o’ynaydi. Ularda tarixan Ish haqini tashkil etish va tartibga solishning markazlashgan davlat tizimi va markazlashmagan tizimi qaror topgan. Ish haqini tartibga solishning markazlashmagan tizimi xususiy mulk egalari yoki jamoa mulkdorlar hamda kasaba uyushmalari, aktsiyadorlik jamiyatlari, kooperativlar va boshqalar tomonidan amalga oshiriladi. Ish haqini tartibga solishning davlat tizimi mulkchilik shaklidan qat’i nazar barcha korxonalar va tashkilotlar uchun umumiy va majburiydir. Ish haqini davlat tomonidan tartibga solish va tashkil etishning muhim unsuri tarif tizimi hisoblanadi. Bozor iqtisodiyoti sharoitlarida mamlakat bo’yicha hukumat belgilagan, asosan ishchi va xizmatchilar Ish haqini tashkil qilishda foydalanishi uchun tavsiya etiladigan yagona tarif tizimi (setkasi) amal qiladi, korxona (tashkilotlar)lar yagona tarif setkasi asosida o’z tarif setkasini ishlab chiqish va razryadlar sonini belgilash huquqiga ega. O’zbekistonda dastlab 1993 yil 1 yanvardan 28 Ish haqi razryadlariga bo’lingan va 0-28 razryadlar o’rtasida tarif koeffitsientlari farqi 14,28 bo’lgan yagona tarif stavkalari joriy qilindi. 1996 yil 1 sentabrda esa Ish haqi razryadlari 22 ta va 0-22 Ish haqi razryadlari o’rtasida tariff koeffisientlari farqi 5,998 bo’lgan yangi yagona tarif setkasi qabul qilindi. Yagona tarif stavkasi xodimlarning barcha kasb-malaka guruhlari bo’yicha tarif stavkalari va maoshlari nisbatini belgilashda mehnat tafovutlariga baho berishga yagona yondoshuvni ta’minlaydi. Ish haqini tartibga solishning davlat tizimi 3 asosiy yo’nalishda amalga oshiriladi: 1) davlat tomonidan ish haqi minimumi (eng kam ish haqi miqdori) belgilanadi. Inflyatsiya jarayonida eng kam ish haqini indeksasiyalash hukumatning maxsus qarorlariga muvofiq amalga oshiriladi; 2) korxonalarda ishlovchi xodimlarning barcha toiflari uchun o’rtacha Ish haqining ortib borishi ma’lum darajada cheklanadi. Davlat bu usuldan tanglik holatlarida inflyatsiya sur’atlarini pasaytirishda foydalanadi; 3) Ish haqining o’rtacha ortib borishiga karab ortib boruvchi soliq stavkalari belgilanadi. Bu eng yuqori Ish haqi darajasining o’sishiga ta’sir ko’rsatish va uni iqtisodiy usullar bilan cheklash imkonini beradi. Yollanma xodimlar Ish haqini davlat yo’li bilan tartibga solish aholining eng kam ta’minlangan qatlamlari — yoshlar, malakasiz xodimlar, mehnat qobiliyati cheklanganlar va boshqalarni ijtimoiy himoya qilishda, inflyatsiya, Real Ish haqining pasayishini cheklashda muhim ahamiyatga ega. Zamira Musayeva, Qodirjon Yusupov.