Ishlab chiqarishni avtomatlashtirish

Ishlab chiqarishni avtomatlashtirish — mashinalashtirilgan ishlab chiqarishni nazorat qilish va boshqarish ishlarini avtomatik qurilmalar zimmasiga yuklash; ishlab chiqarishni mexanizatsiyalashtirishning yuqori bosqichi. Fan va texnika taraqqiyotinnng asosiy yo’nalishlaridan biri. Mehnat unumdorligi, maqsulot sifati, mehnat madaniyati va boshqa omillar ishlab chiqarish ko’rsatkichlarini yuqori darajaga ko’tarish imkonini beradi. Ishlab chiqarishni avtomatlashtirishning qisman (lokal), yalpi (kompleks) va to’la avtomatlashtirish bosqichlari mavjud. Qisman avtomatlashtirish bosqichida ishlab chiqarishning alohida ish turlari (suyuklik sathi balandligi, temperatura, bosim va boshqalar) ni rostlab turish ishlari avtomatlashtiriladi. Yalpi avtomatlashtirish bosqichida bir necha qisman avtomatlashtirilgan ish turlari bo’lim, tsex, korxona miqyosida o’zaro bog’langan bo’ladi, yagona avtomatik majmua sifatida muayyan dastur bo’yicha boshqariladi. Boshqarish ishlari odam (operator) nazorati ostida o’tadi. To’la avtomatlashtirish bosqichida esa ishlab chiqarish jarayonining barqarorligi, ish turlari o’zgarmasligi ishning yuqori samarali bo’lishini ta’minlaydi. Odam uchun xavfli ishlab chiqarish sharoitlarida to’la avtomatlashtirishdan foydalanish ayniqsa o’rinli bo’ladi. Avtomatlashtirish vositalarining ba’zilari qadimdan paydo bo’lgan. Ammo mayda hunarmandchilik sharoitida (18-asrgacha) bunday qurilmalar amalda qo’llanilmagan. Mehnat qurollari va uskunalarining takomillashtirilishi, yangi mashina va mexanizmlarning yaratilishi natijasida (19-asr) ishlab chiqarish hajmi va darajasi keskin o’zgardi. Bu hol ishlab chiqarishni mexanizatsiyalashtirish uchun zarur shartsharoit yaratib berdi (masalan, yigirish, to’qish, metall va yog’och ishlash korxonalarida). 20-asr boshlarida kuchlanish rostlagichi ixtiro qilinganidan keyin elektr energiyasidan ishlab chiqarishda foydalaniladi; ko’p operatsiyali agregat-stanoklar va avtomatliniyalar vujudga keladi. Ishlab chiqarishni avtomatlashtirish tushunchasi shu davrda paydo bo’ldi. Avtomatlashtirilgan boshqarish qurilmalari va ishlab chiqarish jarayonlarini o’zlashtirish og’ir sanoat va mashinasozlikni barpo qilish bilan bir vaqtda (30-yillarda) boshlandi. Og’ir, yengil va oziq-ovqat sanoatlarida avtomatlashtirilgan qurilmalar qo’llanila boshladi, transport avtomatikasi takomillashdi. Energetika, metallurgiya, kimyo, mashinasozlik, kommunal xo’jalik, ilmiy tadqiqot institutlarida avtomatika laboratoriyalari tashkil etildi. 50-yillarga kelib xalq xo’jaligining deyarli barcha tarmoqlarida avtomatika qo’llanila boshladi. GES agregatlarini to’la avtomatik boshqarishga o’tildi, suv bilan ta’minlash tizimlari va boshqa sohalar avtomatlashtirildi. Ishlab chiqarishni avtomatlashtirishning ilmiy asoslari, asosan, uch yo’nalishda rivojlandi. Birinchidan, boshqarish ob’yektlarining qonuniyatlari, dinamikasi, turg’unligi va tashqi omillar ta’sirini o’rganishning samarali metodlari ishlab chiqildi. Bu masalalarni tadqiqotchilar, konstruktorlar, texnologlar birgalikda hal qiladi. Ikkinchidan, boshqarish metodlarining samaradorligi, boshqarish funktsiyasining maqsadi aniqlandi. Shu asosda boshqarishga oid qaror qabul qilish qoidalari belgilandi. Uchinchidan, o’lchash, natijalarni qayta ishlash va boshqarish funktsiyalarini amalga oshiradigan avtomatika vositalarining tuzilishini uyg’unlashtirishning puxta, oddiy va samarali muhandislik usullari ishlab chiqildi. Lekin Ishlab chiqarishni avtomatlashtirishni takomillashtirish va rivojlantirishga doir ishlar uzluksiz davom etadi. Tsexlar, omborlar va ishlab chiqarishning boshqa joylarida axborot (informatsiya) larni tuzish va dastlabki ishlash klavishli qurilmalar vositasida bajariladi, yig’ilgan axborotlar qayta ishlashga uzatiladi. Axborotlarni avtomatik qayd qilish uchun datchiklardan foydalaniladi. Axborotlarni uzatish qurollari — signal o’zgartirgichlari, telemexanika apparaturasi, signallarni taqsimlovchi kommutatorlar va boshqalardan iborat. Axborotlarni mantiqiy va matematik ishlash qurilmalari — signallarning xarakteri va shaklini o’zgartiruvchi funktsional o’zgartirgichlar axborotni berilgan algoritm bo’yicha qayta ishlovchi qurilmalar (shu jumladan, hisoblash mashinalari) va boshqalarni o’z ichiga oladi. Axborotlarni ko’rsatuvchi qurilmalar (shu jumladan, hisoblash mashinalari) va boshqalarni o’z ichiga oladi. Axborotlarni ko’rsatuvchi qurilmalar — signal tablosi, mnemonik sxemalar, milli va raqamli asboblar, elektron-nur trubkasi, harf va raqamli bosma mashinalar operator-odamga ishlab chiqarish jarayonlarining borishini ko’rsatadi va muhim parametrlarni qayd qilib boradi. Boshqarish ta’sirlarini ishlab chiqadigan qurilmalar axborotlarning kuchsiz signallarini kuchli impulslarga aylantiradi. Bu impulslar himoya, rostlash yoki boshqarish qurilmalarining ijro organiga ta’sir etib, ularni ishga tushiradi. Axborotlarni yig’ish va dastlabki ishlash vositalari majmui xalq xujaligi tarmoqlarini boshqarishni avtomatlashtirishga imkon beradi. Ishlab chiqarish jarayonlarini boshqarishni avtomatlashtirishda ishlab chiqarishni maqbul (optimal) rejimda olib borishga imkon beruvchi nazorat va rostlash jihrzlari, analitik texnika va dasturli boshqarish majmualari ham juda muhim. Masalan, gidroelektr stansiyalarida suv havzasidan chiqqan suv gidroagregat turbinalaridan uzluksiz o’tib turadi. Avtomatik rostlagichlar turbinalarning aylanishlar sonini, ishlab chiqarilgan tok chastotasi va kuchlanishini, faol (aktiv) va reaktiv quvvatlarni rostlab turadi. Himoya qurilmalari avariyaning oldini oladi. Avtooperator agregatlarini jadvalga mos holda ishga tushirib va to’xtatib turadi. Energotizim dispetcheri telemexanika qurilmasidan foydalanib, GES ni uzoqdan (Markaziy pultdan) turib boshqaradi. O’zbekistondagi deyarli hamma GES lar shunday tartibda ishlaydi. Issiqlik elektr stansiyalarini boshqarish ancha qiyinroq. Quvvati bir necha yuz MVt li «qozon — turbina — generator — transformator» bloki turli agregatlardan tashkil topgan. Masalan, quvvati 800 MVt li blokda 1000 ga yaqin boshkarish ob’yekti va 1300 ga yaqin nazorat qilinuvchi parametrlar bor. Avtomat boshkarish tizimi yordamida shu ob’yekt va parametrlarni bitta muhandis-operator boshkaradi. Texnologik jarayonlari uzluksiz o’tadigan kimyo, neft kimyosi, gaz va farmasevtika sanoati, suv ta’minoti, kanalizatsiya va boshqalarni ham avtomatlashtirish mumkin. Konchilikda tog jinslarini qo’porish usullarini takomillashtirish bilan birga, bu ishni samarali avtomatlashtirishga imkon beradigan termik, elektr va akustik qo’porish usullari rivojlanmoqda; shaxtalarda EHM (elektron hisoblash mashinasi) va kompyuterlar qo’llanilmoqda. Metallurgiyada foydali qazilmalarni qayta ishlash jarayonlari, asosan, tsiklli tartibda olib boriladi. Domna ishlab chikarishida barcha asosiy parametrlar avtomatik tarzda o’lchanadi va rostlanadi. Issiqlik rejimini boshqarish tizimida EHM va kompyuterlar qo’llaniladi. Marten pechlarida gaz sarfi avtomatik rostlab turiladi. Prokat stanlarida asosiy yuritma, qisish qurilmalarining yuritmalari va yordamchi mexanizmlarni boshqarish avtomatlashtirilgan. Hisoblash mashinalari yordamida materiallarni chiqindiga chiqarmasdan bichish tizimi qo’llanilmoqda. Hozirgi zamon mashinasozligida Ishlab chiqarishni avtomatlashtirish texnika taraqqiyotining asosidir. Avtomat-stanoklar bilan birga ko’p operatsiyali agregatlar, gidravlik, pnevmatik, elektr yoki aralash boshqarish tizimlari yaratildi va takomillashtirilmoqda. Dasturli boshqariladigan metall ishlash stanoklarining ish tsikli to’la avtomatlashtirilganda ham stanoklarning universalligi saqlanadi. Yig’ish jarayonlarini avtomatlashtirish mashinasozlikning murakkab va dolzarb masalalaridan hisoblanadi. U katta iqtisodiy samara beradi. Yig’ilgan uzel va buyumlarning sifati yig’ish vaqtida avtomatik ravishda uzluksiz tekshirib turiladi. Masalan, Toshkent qishloq xo’jalik mashinasozligi zavodida shpindellar avtomat liniyada tayyorlanadi, paxta terish mashinalari avtomat konveyerlarda yig’iladi, Andijondagi «O’zDEU Avto» korxonasida barcha ishlar avtomatlashtirilgan. Radiodetallar, elektron lampalar, ion asboblar, elektron-nur trubkalari, tranzistorlar, montaj simlari, radioelektron apparatlar va televizorlarni ishlab chiqarish to’la avtomatlashtirilgan. Yengil sanoatda avtomatlashtirilgan kqurilmalar va korxonalarni boshqarishning avtomat tizimlari joriy etilgan va etilmoqda. Poyabzal, galantereya va boshqa tarmoqlar buyumlarni yalpi ishlab chiqaradigan yuqori unumli avtomat qurilmalar bilan ta’minlangan. Umumiy ovqatlanish korxonalarida ham Ishlab chiqarishni avtomatlashtirishning ahamiyati katta. Mahsulotlarni ishlash (artish, to’g’rash, maydalash va boshqalar) avtomat qurilmalari masalliklarning to’yimliligi va xushxo’rligini to’la saqlaydi, ierofgarchilikni ancha kamaytiradi. Paxta sanoatida ham yalpi avtomatlashtirish joriy qilingan. Ularda paxtani qabul qilishdan tortib, tola, chig’it va momiq ajratib olish va tolani toylashga qadar jarayonlarni avtomatlashtirish majmualari mavjud. Transportda yukva yo’lovchilar tashish salmog’ining o’sishi transportning barcha turlarini kengaytirish va mavjud liniyalarda harakatni tezlatish bilan bog’liq. Temir yo’l transportini ekspluatatsiya qilishni avtomatlashtirish poyezdlarning qatnash grafiklariga aniq rioya qilishga va harakat xavfsizligini ta’minlashga imkon beradi. Poyezdlar «avtomashinist» yordamida boshqarilmoqda. Yuk va Passajir kemalarida ko’p ishlar avtomatlashtirilgan. Samolyotlar «avtopilot»dan foydalanib boshqarilmoqda. Ob-havo xizmati turli meteorologik ma’lumotlarni o’lchash, yig’ish,, uzatish va ishlash bilan shug’ullanadigan murakkab kompleksdir. Bu ma’lumotlar atmosferaning turli qatlamlarida havo bosimi, temperaturasi va harakat tezligi, namlik, yog’ingarchilik miqdori va boshqalardan iborat. Gidrometeorologiyani yanada rivojlantirish uchun bu sohani avtomatlashtirish shart. Yer sun’iy yo’ldoshlari, EHM, kompyuterlar bu sohada insonga juda katta yordam bermoqda. Ishlab chiqarishni avtomatik boshqarish — ishlab chiqarishning turli tarmoqlarini boshqarishda matematik metodlar, avtomatik qurilmalar va hisoblash texnikasi vositalarini qo’llash. Uning ilmiy asosi — iqtisodiy kibernetika. Odam bilan kibernetik mashinalarning munosabatiga oid uslubiy va aniq masalalarni hal qilish uning muhim vazifasidir. Ishlab chiqarishni avtomatlashtirishda EHM dan tashqari, o’nlab ixtisoslashtirilgan avtomatik qurilmalar, kompyuterlar ishlatiladi. Ishlab chiqarishni avtomatlashtirish axborotlarni yig’ish, qayta ishlab chiqishga oid mashaqqatli ishlardan ozod qiladi, uning ijodiy rolini oshiradi, ish unumini ko’taradi, ishlab chiqarishni boshqarish bilan band bo’lgan kishilardan boshqa maqsadlarda foydalanishga imkon beradi. Ad.: Mansurov X., Avtomatika va paxtani dastlabki ishlash jarayonlarini avtomatlashtirish, T., 1995. Vosil Qobulov, Erkin Yoqubov.