Ishlab chiqaruvchi kuchlar

Ishlab chiqaruvchi kuchlar, unum beruvchi kuchlar — ijtimoiy ishlab chiqarishda band bo’lgan ishlab chiqarish vositalari va kishilar majmui; ijtimoiy ishlab chiqarish jarayonida inson bilan tabiat o’rtasidagi «modda almashuvi»ni amalga oshiradigan sub’yektiv (odam) va ashyoviy unsurlar tizimi. Ishlab chiqaruvchi kuchlar insonning tabiatga foal munosabatini ifoda etadi va bu munosabat mazmunini tabiat boyliklarini moddiy va ma’naviy o’zlashtirish hamda rivojlantirish tashkil etadi. O’zlashtirish davomida insonning tirikchilik, hayot sharoitlari — moddiy boyliklar yaratiladi, ayni paytda uning o’zi ham kamol topib, rivojlanib boradi. Ishlab chiqaruvchi kuchlarning moddiy unsurlari ishlab chiqarish vositalari va iste’mol vositalaridan iborat. Ishlab chiqarish vositalari insonning tabiatga ta’sir ko’rsatishiga xizmat qiladigan mehnat vositalari va inson mehnati yo’naltirilgan mehnat pred-metlardan iborat. Mehnat vositalarining eng muhim va takomillashadigan, tez o’zgaradigan tarkibiy qismi — mehnat qurollari (mashinalar, mexanizmlar, asboblar va boshqalar) hisoblanadi. Shu sababli Ishlab chiqaruvchi kuchlar o’zgarishi mehnat qurollarining o’zgarishidan boshlanadi. Ishlab chiqarish binolari, yo’llar, kanallar, energetika tarmog’i, aloqa vositalari, quvur transporti, turli sig’imli tsisternalar va boshqalar ham mehnat vositalariga kiradi. Mehnat vositalari va ayniqsa mehnat qurollari ish kuchi rivojlanishining mezoni, muayyan darajada mehnat amalga oshadigan munosabatlar ko’rsatkichi hisoblanadi, jamiyatning unum beradigan boyligini hosil qiladi. Bu jarayonda fan bevosita Ishlab chiqaruvchi kuchlarga aylanadi (19-asrdan boshlab ishlab chiqarish bilan fanning qo’shilishi dastlab murakkab ishlab chiqarish vositalarini, mashina texnikasini yaratdi; 20-asrning 2-yarmida ishlab chiqarishni avtomatlashtirish, EHM va kompyuter texnikasini ommaviy qo’llash va boshqalar). Ishlab chiqaruvchi kuchlarning rivojlanishiga geografik muhit, aholining zichligi va ko’payishi, inson ehtiyojlarining o’sib borishi, ilmfan taraqqiyoti kabi ko’pgina omillar ta’sir qiladi. Hozirgi fan-texnika taraqqiyoti davrida fan ham bevosita Ishlab chiqaruvchi kuchlarga aylanib bormoqda. Bularning barchasi pirovard natijada Ishlab chiqaruvchi kuchlar taraqqiyoti, tarixiy jarayonning asosiy omili bo’lgan mehnat unumdorligi o’sishini ta’minlaydi. Har bir mamlakatda Ishlab chiqaruvchi kuchlar rivojlantirish va uni mintaqalar bo’yicha oqilona joylashtirish katta ahamiyatga ega. Ayrim mamlakatlarda mamlakat Ishlab chiqaruvchi kuchlarni rivojlantirish va joylashtirish bosh sxemalarini ishlab chiqadigan, mamlakat tabiiy resurslari va Ishlab chiqaruvchi kuchlarni kompleks o’rganadigan maxsus Kengashlar ishlaydi. G’arbdagi ayrim iqtisodiy nazariya maktablari Ishlab chiqaruvchi kuchlar tushunchasi o’rniga ishlab chiqarish omillari tushunchasini qo’llaydi. Sherqul Shodmonov.