Islom

Islom (Arabcha — bo’ysunish, itoat etish, o’zini Alloh irodasiga topshirish) — jahonda keng tarqalgan uch dindan (buddizm va xristianlik bilan bir qatorda) biri. Islom diniga e’tiqod qiluvchilar Arabcha «Muslim» («sadoqatli»; ko’pligi «muslimun») deb ataladi. «Muslim», «muslimun» so’zining boshqa xalqlar orasida o’zgacha talaffuz etish (masalan, forslarda — musalmon, o’zbeklarda — musulmon, qirg’iz va qozoqlarda — Musurmon, Ukraina va Rossiyada — basurman) natijasida bu dinga e’tiqod qiluvchilar turli nom bilan ataladi. Lekin bularning ichida hozir musulmon iborasi keng tarqalgan. Jahonda qariyb 1,2 milliard kishi Islomga e’tiqod qiladi. Musulmonlarning 2/3 qismidan ko’prog’i Osiyoda yashaydi va bu qit’a aholisining 20% idan ortiqrog’ini tashkil etadi. Qariyb 30% musulmonlar Afrikaga to’g’ri keladi (qit’a aholisining deyarli yarmi). Dunyoda musulmon jamoalari mavjud bo’lgan 120 dan ortiq mamlakatdan 40 dan ziyodida musulmonlar aholining ko’pchiligini tashkil qiladi — shimoliy Afrika, G’arbiy Osiyoning barcha mamlakatlarida (Kipr, Livan, Isroil mustasno), Senegal, Gambiya, Niger, Somali, Afg’oniston, Pokiston, Bangladesh, Indoneziya va boshqalar ba’zi mamlakatlarda aholining 80% dan ortig’i musulmonlardir; bir qancha mamlakatlarda musulmonlar aholining yarmidan 80% igacha tashkil qiladi (Gvineya, Mali, Livan, Chad, Sudan). Malayziya va Nigeriyada qariyb yarmi, ba’zi bir mamlakatlar (Gvineya-Bisau, Kamerun, BurkinaFaso, Serra-Leone va boshqalar) da musulmonlar ozchilikni tashkil qilsa ham, ta’sir doirasi kuchli. Musulmonlarning soni jihatdan eng yirik davlatlar — Indoneziya, Hindiston, Pokiston va Bangladesh; musulmonlarning anchasi Markaziy Osiyo mamlakatlari, Xitoy, Tailand, Efiopiya, Tanzaniya, Kiprda, Evropaning ayrim mamlakatlari (Yugoslaviya, Albaniya, Buyuk Britaniya, GFR, Frantsiya va boshqalar), Shimoliy va Janubiy Amerika qit’asi mamlakatlari (AQSh, Kanada, Argentina, Braziliya, Gayana, Surinam, Trinidad va Tobago)da, Avstraliyada, Fiji orollarida yashaydi. Islom 7-asrda Hijoz (G’arbiy Arabiston) da paydo bo’ldi. Uning asoschisi Muhammad (as)dir. Islom dinining paydo bo’lishi xususida Islom manbalariga asoslangan diniy an’anada u ilohiy hodisa, insonlarni to’g’ri yo’lga solish uchun Alloh tomonidan yuborilgan oxirgi ta’limot deb uqtiriladi. Islom talqinida dastlab yahudiy va xristianlar ham aynan musulmonlar e’tiqod qilgan Xudoga ishonganlar. Shu Xudo, ya’ni Alloh odamlarga payg’ambar-elchilar yuborgan. Ammo insonlar payg’ambarlar ta’limotini buzganlar. Shuning uchun Alloh insonlarga oxirgi Rasul etib Muhammad (sav)ni tanladi, unga o’zining kalomi — Qur’onnn nozil qildi. Muhammad (sav) oldin o’z hamshaharlarini, so’ng barcha arablarni ko’plab qabila xudolariga sig’inishdan voz kechish va yagona Xudo — Allohga e’tiqod qilish, Solih hayot kechirish, u dunyoda jannatga tushish uchun bu dunyoda ezgu ishlar qilishga da’vat etdi. Qur’onga ko’ra, arablar va yahudiylarning umumiy bobokaloni Ibrohim Allohga birinchi bo’lib imon keltirgan. Demak, Islom batamom yangi e’tiqod emas, balki Ibrohimning qayta tiklangan dinidir. Islom dini tarixini o’rganishda o’sha davrdagi ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy omillarni hisobga olish kerak. Islom dini vujudga kelgan davrda Arabiston yarim orolida Makka va Yasrib (Madina) kabi shahar-davlat (polis)lar boshqalarga nisbatan muayyan ustunlikka ega edilar. Bu shaharlar xalqaro savdoning eng yirik markazlaridan bo’lib, iqtisodiy hayot jo’shqin tus olgandi. Shahar-davlatning kelajak taraqqiyoti uchun polis tuzumi torlik qila boshlagan. Hijoz (Makka, Yasrib, Xaybar, dumat al-Jandal, Tayma va boshqalar) va umuman Arabistonni xalqaro savdoni barqaror qiladigan, fuqarolar xavfsizligini ta’minlashga qodir harbiy kuchga ega bo’lgan yagona saltanatga aylantirish davr talabi bo’lib qolgan edi. Saltanat tuzish bilan bir qatorda Arabiston yarim orolidagi qabilalarning etnik va madaniy jihatdan birlashuvi, yagona Arab tili, og’zaki va yozma adabiyot, umumiy fikrlashning shakllanishi va nihoyat, arablarning diniy tafakkurida o’zgarish jarayonlari kechayotgan edi. Bunday harakatni boshqargan kishilar o’z faoliyatlarini ilohiy Ilhom bilan asoslay olgan holdagina muvaffaqiyatga erisha olardi. Shunday qilib, Muhammadning diniy va siyosiy faoliyati yuqoridagi jarayonlarning xususiy ko’rinishi bo’lgan. Muhammad (sav) har tomonlama barkamol inson bo’lgani uchun, uning shaxsiy fazilatlari tufayli yahudiy-xristian mazhablariga yaqin g’oya bilan yashovchi maxalliy hijozliklar harakati o’ziga xos xususiyatlar kasb etdi, diniy va siyosiy kuchga ega bo’ldi; bu kuch Islomning vujudga kelishini eng muhim tarixiy voqealardan biriga aylantirdi. Muhammad 610 yil, 40 yoshida o’zining diniy faoliyatini boshladi va vahiy (ilohiy ko’rsatma) olayotganini e’lon qildi. Ammo, bir necha nufuzli yaqin qarindoshlarini hisobga olmaganda, Makkaning ko’pchilik aholisi, ayniqsa, Quraysh qabilasining zodagonlari uning targ’ibotlariga ochiqdan-ochiq qarshi chiqdilar. Muhammad o’zga yerlarda tarafdorlar izlashga majbur bo’ldi. Dastlab bir guruh musulmonlar Habashistonga ko’chdi, so’ng Makka zodagonlari bilan ma’lum davrdan buyon raqobatlashib kelayotgan Yasribdagi Banu Avs va Banu Xazraj qabilalarining vakillari 622 yil musulmon jamoasini o’ziga qabul qilish, Muhammadni umumiy rahnamo sifatida tan olishga rozi bo’lishdi. Yasrib shahridagi mavjud etnik vaziyat ham shuni taqozo etgandi. Hijra nomini olgan bu voqea Islom tarixida burilish yasadi. Ko’chib o’tgan kishilar muxojirlar (ko’chib kelganlar), Madinada Islomni qabul qilganlar ansorlar (tarafdorlar) deb ataldilar. Madina va Makka o’rtasida boshlangan kurash 8 yil davom etdi. 628 yil Makka zodagonlari Muhammad bilan kelishishga majbur bo’ldilar. 630 yil musulmonlar qo’shini hech qanday qarshiliksiz Makkaga kirib bordi. Makka aholisi yoppasiga Islom dinini qabul qildi va Muhammad (sav)ni Allohning elchisi (Rasuli) deb e’tirof etdi. Ana shundan boshlab Makka Islom dini markaziga, Ka’ba musulmonlarning muqaddas ziyoratgohiga aylangan. Muhammad (sav) vafot etgan 632 yilda Arabiston yarim oroli to’la birlashtirilgan, uning aksariyat aholisi Islom dinini qabul qilgan edi. Arabistonning siyosiy, iqtisodiy, etnik va madaniy jihatlardan birlashishida Islom dini muhim omil bo’lib xizmat qildi va kelajakda vujudga kelgan mu- sulmon olamining mafkurasiga aylandi. Muhammad (sav) vafotidan so’ng Abu Bakr, Umar ibn Xattob, Usmon ibn Affon, Ali ibn Abu Tolib payg’ambarning o’rinbosari (xalifa) sifatida hukmronlik qildilar. Ular va ulardan keyingi xalifalar 7-8-asrlarda Iroq, Falastin, Suriya, Eron, Movarounnahr, Misr, Shimoliy Afrika, Pireney yarim oroli, Shim. Hindistonni egalladilar. Bir asrdan kamroq vaqt davomida shim. Xitoydan Ispaniyagacha, Kavkaz ortidan Hind okeanigacha bo’lgan katta hududni zabt etdilar va Islom dinini yoydilar. Islomning muqaddas kitobi Qur’ondir. Musulmonchilikda bu kitobning butun mazmuni Allohning vahiy qilingan so’zi deb tushuniladi. Islomning aqidalari, e’tiqod talablari, huquqiy va axloqiy me’yorlari, cheklash va taqiklari Qur’on bilan birga uning tafsirlarida, hadis to’plamlari va shariat qo’llanmalarida, shuningdek, 8-12-asrlarda vujudga kelgan ilohiyot adabiyotlarida o’z ifodasini topgan. Islomning asosiy aqidasi — «Allohdan boshqa iloh yo’q va Muhammad uning rasuli». Islom ilohiyotining ilk shakli — kalom bo’lib, 8-asrda Arab xalifaligida vujudga kelgan. Mutakallimlar Islom dini aqidalarini ishlab chiqqanlar. Islom dini 5 «asos» yoki «ustun» (arkon ad-din al-Islomiy)ga ega: 1) kalima keltirish; 2) namoz o’qish; 3) ro’za tutish; 4) zakot berish; 5) imkoniyat topilsa haj qilish. Shulardan birinchisi imon va qolganlari ibodat deb e’tirof etilgan. Imon 7 aqidani — Allohga, uning farishtalariga, muqadas kitoblariga, payg’ambarlariga, oxirat kuniga, taqdir (yaxshilik va yomonlik Allohning Irodasi bilan bo’lishi)ga va o’lgandan keyin tirilishga ishonishni o’z ichiga oladi. Islomda xatna, ro’za hayiti, qurbonlik va qurbon hayiti, aqiqa, mavlid, xudoyi, Ashuro kabi o’ziga xos diniy marosimchilik tarkib topgan. Bundan tashqari, mahalliy xalqlarda Islomgacha mavjud bo’lgan urf-odatlar, jumladan, fol ochirish, dam soldirish, aziz-avliyolarga, muqaddas joylarga sig’inish ham Islom marosimchiligiga moslashib ketgan. Islomda ilk davrdan paydo bo’lgan eng birinchi yirik muammo — oliy hokimiyatni egallashga payg’ambardan keyin kim haqliroq, degan masala bo’ldi. Ali tarafdorlari «shia» nomini olib, Islomda birinchi bo’linishni boshlab berdilar. Uchinchi xalifa Usmon aynan shu bo’linishning qurboni sifatida jon taslim qildi. Ikki taraf — sunniylik va shialik o’rtasidagi kurash asnosida xorijiylar deb atalgan uchinchi yo’nalish ham paydo bo’ldi. Ammo Islom tarixi uzra sunniylik asosiy yo’nalish bo’lib keldi. O’rta asrlarda hukmronlik qilgan abbosiylar, Saljuqiylar, ayyubiylar, mamluklar, Usmonli turklar, temuriylar sulolalari sunniylikda edilar. Hozirgi kunda ham sunniylar musulmonlarning mutlaq ko’pchiligi (93%)ni tashkil etadi. Birdan-bir davlat — Eronda shialik rasmiy diniy yo’nalish sifatida qabul qilingan. Iroq, Livan, Shim. Yaman, Ozarbayjon va Afg’onistonda shialarning yirik jamoalari mavjud. Ummon va shimoliy Afrikada xorijiylarning ba’zi toifalari saqlanib qolgan. Musulmon huquqshunosligi — fiqhda 4 sunniy (hanafiylik, shofi’iylik, molikiylik, hanbaliylik) va 1 shia (jafariylik) mazhablari shakllangan. Mazhablar diniy firqalardan farq qiladi. Firqalar, asosan, geografik va iqlimiy omillar hamda Islomni qabul qilgan xalqlarning oldingi madaniyati, an’analari va diniy tasavvurlari ta’sirida vujudga kelgan. Ularning aksariyati shia yo’nalishiga mansub bo’lib, eng yiriklari — imomiylar, ismoiliylar va zaydiylardir. Islomda ilk davrlardan shariat (barcha to’la rioya qilishi kerak bo’lgan Qonunchilik) bilan tariqat (faqat ayrimlar Alloh. xayrixohligiga muyassar bo’lishi mumkinligi) yonma-yon rivojlanib kelgan. Tariqat asoschilari — murshidlarning «valine’mati» asrlar osha hozirgi avlodgacha yetib keladi, degan tushuncha bor. 8-9-asrlarda Islomda diniy-falsafiy oqim — tasavvuf paydo bo’ldi. Sharqda eng mashhur bo’lgan tasavvuf tariqatlari — naqshbandiylik, Qodiriylar, shoziliylardir. Islom dinining muhim xususiyatlaridan biri — uni qabul qilgan xalqlar vakillari uchun Islom aqidalarini ishlab chiqishda ishtirok etish imkoniyatini berganidadir. U o’ziga xos 3 taraqqiyot bosqichi yoki davrni o’tadi. Birinchisini, shartli ravishda, Qur’on davri deb atash mumkin. Qur’oni karimda o’z aksini topgan Arabiston aholisining diniy ongi darajasini ifoda etuvchi diniy-siyosiy va ijtimoiy qarashlar, huquqiy va axloqiy mezonlar butun musulmon olami uchun xrzirgacha shak-shubhasiz umumiy qadriyat hisoblanadi. Deyarli 4 asr davom etgan ikkinchi davr Islomda umumislomiy ahkomlar hukmronligi ostida turli fikrlar yo’l qo’yilgani bilan ajralib turadi. Islomdagi yo’nalishlar, mazhablar va firqalar ana shu davrda paydo bo’ldi. Musulmonlarning diniy birligi hal qilib bo’lmaydigan muammo bo’lib qoldi . 10-11-asrlarda an’anaga sodiq sunniylar bilan imomiy shialar, mu’taziliylar hamda ash’ariylar o’rtasida munosabatlar, ayniqsa, keskinlashib ketdi. Xalifa Qodir (991 — 1031) an’anaviy Islomni qonun asosida barcha uchun majburiy bo’lgan davlat dini deb qaror toptirishga urinib ko’rdi. Shu maqsadda an’anaga sodiq ilohiyotchilar imzolagan «dinning Qodiriy ramzi» e’lon qilindi. Unda «haq din» deb e’lon qilingan an’anaviy diniy ta’limotning asosiy qoidalari mufassal bayon qilib berildi, undan chetga chiqish jazolashga loyiq e’tiqodsizlik deb qaraldi. Biroq bu tadbir ham Islomda diniy birlik o’rnatilishiga olib kelmadi. G’oyaviy kurash keyingi asrlarda ham davom etdi. Bu kurashda sunniylar ilohiyotchisi Ibn Taymiya ayniqsa ajralib turdi. U ilk Islomni tiklashga, «haq din» asosida diniy birlikni o’rnatishga astoydil harakat qildi. Islomdagi uchinchi taraqqiyot bosqichi musulmon dunyosi «chekka» o’lkalarining ahamiyati va o’rni ortganligi bilan bog’liqdir. Batamom o’zga madaniy an’analarga ega bo’lgan xalqlar musulmon dunyosining ma’naviy hayotiga qo’shilgach, Islomga o’z diniy-axloqiy tasavvurlari, huquqiy me’yorlari va odatlarini olib kirdilar. Movarounnahr, Eron, Shimoliy Afrika, Hindiston, Indoneziya kabi yirik tarixiymadaniy mintaqalarda Islom o’ziga xos xususiyatlar kasb etadi. Islomning rivojlanishiga Movarounnahrda yetishib chiqqan allomalar katta hissa qo’shdi. Imom Buxoriy kitob holiga keltirgan hadislar to’plami — «Al-Jomi’as-sahih» Islom dinida Qur’oni Karimdan keyingi ikkinchi manba hisoblanadi. Buxoriy va uning safdoshlari Islom ilohiyotining barcha yo’nalishlari bo’yicha muhim tadqiqotlar qildilar. Jumladan, Islom nazariyotchiligida yuqori baholanadigan «Ilal ashshariat va xatm ul-Asliyot» risolasini ta’lif etgan Hakim Termiziy, Islom huquqshunosligini o’rganishning asosiy qo’llanmasi hisoblangan «Hidoya»ning muallifi Burhoniddin Marg’inoniy, Islom aqidasi asoslarini muayyan tartibga solgan, kalom ilmida maktab yaratgan Imom Moturidiy, buyuk faqih Abu Lays Samarqandiy, musulmon dunyosining eng e’zozli muxaddislaridan Iso Termiziy, qomusiy ilmlar sohibi, xususan, tafsir, hadis, shariat qonunshunosligida salmoqli asarlar bitgan Zamaxshariy, tasavvufda o’ziga xos iz qoldirgan Ahmad Yassaviy, Bahouddin Naqshband, Mahdumi A’zam, Najmiddin Kubro, So’fi Olloyor, Xo’ja Ahror, Abduxoliq G’ijduvoniy va boshqalarni misol qilib keltirish mumkin. Ular musulmon e’tiqodini xalq dunyoqarashi bilan uyg’unlashtirganliklari tufayli O’rta Osiyoda madaniy hayotning adabiyot, me’morlik, musiqa kabi sohalarida taraqqiyot yuzaga keldi. Islom dini musulmon mamlakatlari san’atida o’z izini qoldirdi. Me’morlik sohasida bu jarayon yangi imorat turlari (masjid, minora, xonaqoh, madrasa va boshqalar)ning paydo bo’lishiga hamda keng tarqalishiga sabab bo’ldi. Islom dini paydo bo’lgan davrda avj olgan butparastlik, suratparastlikni oldini olish maqsadida Muhammad (as) suratkashlikni qattiq taqiqlab qo’ygan edi. Shu asosda Islomning yirik mutafakkir huquqshunoslari ham tasviriy san’atning bu turini taqiqlangan ishlar qatoriga qo’shganlar. Bundan ular amaliy san’at turlari, naqsh, bezak, insondan boshqa hayvon va o’simliklar suratini istisno qilishgan. Islomda inson suratini chizish yoki uning haykalini yasashning taqiqlanishiga asosiy sabab — payg’ambar va aziz-avliyolarning rasmlarini chizib yoki haykallarini yasab, ularga sig’inib ketish xavfining mavjudligi bo’lgan. 15-asrga kelib Alisher Navoiy kabi taraqqiyparvar olim va mutafakkirlar musulmonlar qalbida Allohga bo’lgan imon va e’tiqod mustahkamlanib, suratparastlikka mutlaqo moyillik qolmaganini e’tiborga olib, endilikda inson suratini chizishga ruxsat berishlikni lozim deb topganlar. Natijada Behzod, Maxmud Muzahhibga o’xshash miniatyura san’atini rivojlantirgan yetuk musavvirlar etishib chiqqan, Hirot miniatyura maktabi, Buxoro miniatyura maktabi kabilar rivojlangan. 20-21-asrlarga kelib, Islom dunyosi ulamolarining bu san’atga munosabatlariga yana bir karra aniqlik kiritildi: ilohiylashtirish va odamlarning sig’inishi maqsadida inson rasmini chizish mumkin emasligi e’tirof etildi. Ammo, fotosuratlar, shuningdek, yosh bolalar uchun yasalgan odam shaklidagi qo’g’irchoklar taqiq doirasiga kirmaydi. Ulamolarning bergan Fatvolariga ko’ra, musulmonlarga fahsh va uyat narsalarni ifoda etuvchi rasmlar, but, sanam va ikona tasviridan boshqa tasviriy san’at turlari taqiqlanmaydi. Musulmon Sharqi 8— 11-asrlarda taraqqiyotda G’arbdan oldinda edi: G’arb olimlari musulmon faylasuflari va tabiblaridan saboqolishgan; G’arb savdogari Islom dunyosidagi savdoning ko’lamiga havas bilan qaragan; Sharq tovarlari g’arbda Zebi-ziynat mollari hisoblangan. Sharq shaharlarining boyligi va hashamati G’arb uchun afsonadek tuyulgan. Bularning barchasida asosiy mafkura vazifasini bajargan Islomning ijobiy xizmati buyuk, albatta. Ammo 12-13-asrlardan keyin musulmon dunyosi dastlab turg’unlik, so’ng tanazzulga yuz tuta boshladi. Ba’zilar konservativ (qotib qolgan) din sifatida Islom taraqqiyotga to’siq bo’ldi, deya unga katta ayb qo’ymoqchi bo’ladilar. Aslida so’nggi o’rta asrlarda yuz bergan musulmon dunyosining tushkunligi juda murakkab ijtimoiy-iqtisodiy omillar bilan bog’liq bo’lib, o’sha davrdagi Islomning o’zi ana shu tushkunlikning muayyan shaklidagi ifodasi edi. 19-asr boshidan 20-asrning 2-yarmigacha o’tgan bir yarim asrlik davr Islomning rivojlanishida muhim burilish bosqichi bo’ldi. Sharq mamlakatlarining ijtimoiy-iqtisodiy tuzilishidagi o’zgarishlar yangi sinf — milliy burjuaziyaning vujudga kelishi, milliy ozodlik harakatining avj olishi — bularning hammasi Islomning jamiyatdagi mavqeiga bo’lgan qarashlarda ham, ijtimoiy hayotdagi yangiliklarni Islom nuqtai nazaridan baholashda ham o’zgarishlar yasadi. Islom diniy-falsafiy va huquqiy me’yorlarining yangi tarixiy sharoitga moslashish jarayoni 19-asr o’rtalaridan boshlanib, hozirgacha davom etmoqda. Bu jarayonni ko’pgina tadqiqotchilar «Islom islohotchiligi» deb ataydilar, u xristian reformasiyasidan tubdan farq qiladi. Bu tafovut, birinchidan, shundan iboratki, mazkur jarayonlar turli davrlarda, turlicha muayyan tarixiy sharoitlarda ro’y berdi. Ikkinchidan, «Islom islohotchiligi» dunyoviy hayotning turli jihatlarini diniy nuqtai nazardan qayta baholashda namoyon bo’ldi va sof ilohiyotga doir masalalarga u qadar daxli bo’lmadi. Uchinchidan, Islomda xristianlarnikiga o’xshash cherkov bilan ruhoniylarni bog’lab turuvchi tizim bo’lmaganidan Islomdagi islohotlar xususiyatiga jiddiy ta’sir qildi. O’rta asrlarda tarkib topgan Musulmon sudlov tizimida katta o’zgarishlar yuz berdi. Musulmon xuquqi tizimining o’zi ham muayyan darajada o’zgardi: shariat sudlari huquqi asta-sekin cheklana bordi; 19-asr o’rtalariga kelib, Usmoniylar imperiyasi hududida shariat sudlari va dunyoviy sudlarning vakolati butunlay chegaralab qo’yildi. Bir qancha mamlakatlarda shariatda ko’zda tutilmaydigan jinoyat kodekslari va boshqa huquqiy hujjatlar joriy qilindi. Misrda Muhammad Alining islohotlari va Usmoniylar imperiyasidagi Tanzimat siyosati (islohotlar) tufayli Islomning ijtimoiy hayotdagi mavqeida muayyan o’zgarishlar ro’y berdi. Ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish talablari musulmon iloqiyotchilari va huquqshunoslarini Islomning bir qancha an’anaviy qoidalarini yangicha talqin etishga majbur eta boshladi. Biroq, bu jarayon oson kechmadi va uzoqqa cho’zilib ketdi. Bu, jumladan, musulmon mamlakatlarida bank tizimini yaratish joizmi (yoki gunoqmi) degan masala yuzasidan boshlangan munozarada o’z aksini topdi. 1899 yil mufti Muhammad Abdu bank omonatlari va ulardan foiz olish sudxo’rlikka kirmaydi, binobarin, u man qilingan ribo hisoblanmaydi, degan fatvo chiqardi. Bu fatvo mavjud moliya tizimini milliy sarmoyadorlar manfaatiga moslashtirdi. Musulmon mamlakatlarida tadbirkorlikning avj olishi shariat qoidalarini xam, musulmonchilikdagi boshqa an’anaviy tamoyillarni ham yangicha talqin qilishga olib keldi. Ijtimoiy ong sohasida ro’y bergan o’zgarish juda muhim rol o’ynadi. Bu, avvalo, milliy o’zini anglash jarayoniga taalluqlidir. Shu jarayon davomida Islomning barcha musulmonlarning birligi to’g’risidagi an’anaviy qoidasi yangicha ma’no kasb etdi. Jamoliddin al-Afg’oniy musulmonlarning birdamligi g’oyasini ko’tarib chiqdi. M. Abdu, J. Afg’oniy, Rashid Rizo va boshqalarning g’oyalari milliy ozodlik harakatlariga turtki bo’lib ko’pchilik musulmon davlatlarining siyosiy mustaqilligiga erishuvida ijobiy rol o’ynadi. Ayni vaqtda Islom birdamligi g’oyasiga asoslangan xalqaro Islom harakati shakllana boshladi: 1926 yil birinchi xalqaro musulmon tashkiloti — Islom olami Kongressi (Mu’tamar al-alam al-islomi) tashkil qilindi. Shuningdek, Islomning go’yo Muhammad (sav) zamonidagi «asl» tamoyillariga qaytishga da’vat etishga turli fundamentalistik oqimlar va ularning tarkibida o’z g’oyalari uchun kurashda terror usuliga tayanuvchi guruhlar, ekstremistik to’dalar paydo bo’ldi. 20-asrning 2-yarmida jamiyatda ijtimoiy adolat o’rnatish masalasida ham Islom omilidan foydalanishga qaratilgan urinishlar sodir bo’ldi (Eron Islom inqilobi, Liviya Jamohiriyasi va boshqalar). Bir qator mamlakatlar (MAP, Kuvayt, Saudiya Arabistoni, Eron, Pokiston, Afg’oniston va shu kabilar)da Islom davlat dini (yoki rasmiy din) sifatida tan olingan. Ayrim mamlakatlarda «Islom» so’zi davlatning rasmiy nomi tarkibiga kiritilgan: Eron Islom Respublikasi, Pokiston Islom Respublikasi, Afg’oniston Islom Respublikasi, Mavritaniya Islom Respublikasi va boshqalar. Osiyo, Afrika qit’asidagi ba’zi mamlakatlarda Islomning tarqalishiga musulmon partiyalari ta’sir qilmoqda, ular ko’pincha siyosatda muhim rol o’ynamoqda. Erondagi Islom Respublikasi partiyasi, Indoneziyadagi birlik va taraqqiyot partiyasi, Malayziyadagi Panmalayziya Islom partiyasi, Hindiston va Pokiston jamoati Islom partiyasi bunga misol bo’la oladi. Bir qancha mamlakatlarda diniy-siyosiy tashkilotlar (shu jumladan, qonundan tashqaridagi tashkilotlar — «Musulmon birodarlar», Islom ozodligi partiyasi) tarqalgan, ko’pgina diniy bilim yurtlari (qorilik maktablari, madrasa, musulmon universitetlari), Islom jamiyatlari, missionerlik tashkilotlari, tijorat korxonalari (Islom banklari, sug’urta kompaniyalari) ishlab turibdi. Musulmon sud ishlarini olib borish tizimi saqlanib qolmoqda. 19-asrning 70-80-yillaridagi shariatning ilgari amaliyotda bekor qilingan ba’zi bir qoidalarini tiklashga urinib ko’rildi (masalan, Pokistonda; Sudanda prezident J. Nimeyri davrida, Arab monarxiyalarida jinoiy ishlar uchun tan jazolari berish). O’tgan asr 70-yillarining oxiri — 80-yillarining boshida xalqaro ishlarda hukumat darajasida yoki nohukumat darajasida ish olib boruvchi xalqaro Musulmon tashkilotlari muayyan mavqega ega bo’la boshladi. Bunday tashkilotlardan eng nufuzlisi Islom konferentsiyasi tashkiloti (Munazzamat al-Mu’tamar al- islomi) bo’lib, u 1969 yil tuzilgan, unga 55 mamlakat (O’zbekiston Respublikasi 1996 yildan) a’zo. Xalqaro nohukumat musulmon tashkilotlari orasida Islom olami uyushmasi, Islom olami kongressi, Islom olami tashkiloti, Yevropa islom kengashi, AQSh Oliy Islom kengashi va boshqalarni ko’rsatish mumkin. Ular, asosan, Islomni targ’ib qilish va yoyish, diniy arboblarning xalqaro uchrashuvini tashkil qilish, turli mamlakatlardagi Islom jamoalariga yordam berish bilan shug’ullanadi. Islom Turkiston mustamlakachilik davrini boshdan kechirgan paytda, ayniqsa, sho’rolar davrida turli ta’qib va har tomonlama cheklashlarga duch keldi, ulamolarning taqdiri ayanchli bo’ldi. Islomga oid bebaho kitoblar yo’qotildi, muborak yodgorlik va qadamjolar oyoqosti qilindi, din peshvolari eng xavfli yov, muxolif sifatida mahv etildi. O’zbekiston mustaqillikka erishganidan keyin, Islom dini hayotda munosib o’rnini egallay boshladi. Musulmonlarning diniy ibodat va marosimlarni ado etishlari uchun sharoit yaratib berildi. Qur’oni Karim 2 marta o’zbek tilida chop etildi (1992, 2001 yillar), hadis to’plamlarining tarjimasi, Islom ulamolarining yuzlarcha kitoblari yana xalqqa yetkazildi. Islom tarixi manbalari va marosimlarini har tomonlama, ilmiy, xolisona o’rganishga kirishildi, mutaxassis kadrlar tayyorlash yo’lga qo’yildi. Shu maqsadda Toshkent davlat sharqshunoslik institutida islomshunoslik kafedrasi ochildi (1992), deyarli barcha viloyatlarda diniy o’quv yurtlari faoliyat ko’rsata boshladi, Toshkent Islom universiteti tashkil qilindi (1999), uning tarkibida islomshunoslik ilmiy tadqiqot markazi ishlab turibdi. Islom tarixi, manbalari, aqidalari, marosimlari, Qur’oni Karim, Muhammad (sav) hayoti va faoliyati, payg’ambar hadislarini o’rganish, tadqiq qilish Islomshunoslik fanining asosiy vazifasi hisoblanadi. Bu sohadagi tadqiqotlar Islom tarqalgan mamlakatlarda, xususan, Movarounnahrda Islom va uning yozma manbalari paydo bo’lgandan buyon olib boriladi. Musulmon dini tarixi va Qur’onni o’rganish Amerikada (G. Grunebaum, X. Gibb, M. Vott va boshqalar), Yevropada (I. Goldtsier, L. Kaetani, A. Masse, R. Sharl), jumladan, Rossiyada (A. E. Shmidt, V. V. Bartold, I. A. Krachkovskiy va boshqalar) 19-asr o’rtalaridan keng tus oldi. Sho’rolar davridagi tadqiqotlarda Islomga, asosan, yagona marksistik mafkura nuqtai nazaridan kelib chiqib yondoshildi. Islomning insoniyat tamadduni tarixidagi ahamiyatini ommaga tushuntirishda, Turon zaminida etishib chiqib Islomiy ilmlar xazinasini boyitgan ulug’allomalarning merosini xalqqa yetkazishda Eshon Boboxon Abdumajidxon o’g’li, mufti Ziyovuddinxon ibn Eshon Boboxon, Alixonto’ra Sog’uniy, marhum shayxlar Ismoil Maxdum (1893 — 1976), Abdug’ani Abdullo (1928-1999) va Yusufxon Shokirov (1926-2000)larning xizmati kattadir. 20-asr oxirlaridan boshlab mamlakatimizda Islom bo’yicha ob’yektiv tadqiqotlar olib borish imkoniyati tug’ildi. O’zbekistonlik olimlar Islom manbashunosligi, Qur’on tarjimasi va tafsiri, Islomdagi mazhablar, oqimlar, mashhur muhaddis va faqihlar, xalqaro Islom tashkilotlari, diniy bag’rikenglik, diniy ekstremizmga oid bir qancha asarlar yozdilar (marhum M. A. Usmonov, shuningdek, N. Ibrohimov, H. Karomatov, A. Mansurov, A. Hasanov, Z. Husniddinov, Z. Islomov, U. Uvatov, B. Eshonjonov, B. Abduhalimov, A. Juzjoniy, A. Mo’minov, A. Azimov, R. Obidov va boshqalar). O’zbekiston musulmonlari idorasida «Movarounnahr» nashriyoti faoliyat ko’rsatadi, «Islom nuri» gazeta, «Hidoyat» jurnal nashr etiladi. Ad.: Karimov I., Olloh qalbimizda, yuragimizda, T., 1999; Karimov I., O’zbekiston XXI asr bo’sag’asida: xavfsizlikka tahdid, barkamollik shartlari va taraqqiyot kafolatlari, T., 1997; Qur’oni Karim, T., 2001; Hadis (Al- Jomi’as-sahih), 1-4-j.lar (2nashri), T., 1997; Hidoya (1-j.), T., 2000; Sog’uniy A., Tarixi Muhammadiy (1-2-kitob), T., 1997; Hasanov A., Qadimgi Arabiston va ilk Islom (1-kitob: Johiliya asri), T., 2001; Komilov N., Tasavvuf, T., 1999; Husniddinov 3., Islom: yo’nalishlar, mazhablar, oqimlar, T., 2000.