Ismoil Somoniy

Ismoil Somoniy, Ismoil ibn Ahmad Somoniy (849, Farg’ona—907, Buxoro) — o’zbek davlatchiligi tizimida hukmronlik qilgan Somoniylar sulolasi (819-999)ning yirik vakili. Abbosiy xalifa Mu’tamid (870-892) Rofi ibn Lays qo’zg’olonini bostirishda yordam bergan sulola asoschisi Somonxudotning o’g’illaridan Nasr I ibn Ahmadni Movarounnahrga noib (874-893), Ismoil Somoniyni esa Buxoroga hokim etib tayinlagan. Ammo aka-uka o’rtasida ixtilof paydo bo’lib, ular ikki bor uzaro urush qilgan. Birinchisi sulh bilan yakunlangan, ikkinchisida Ismoil Somoniy g’olib kelganiga qaramay, akasining hokimiyatini tortib olmagan. 893 yil Nasr I vafot etgach, xalifaA Mu’tazid (892-902) Ismoil Somoniyni uning o’rniga Movarounnahrga noib qilib tayinlagan. U shu yiliyoq Taroz shahrini egallagan, 899 yil xalifaning Hurosondagi noibi Amr ibn Lays qushinini tor-mor keltirib, uning tasarrufidagi erlarni buysundirgan. 902 yil esa u Tabariston, Ray, Qazvin va Daylamni zabt etib, o’zini xalifalikdan mustaqil hukmdor deb e’lon qilgan. U 907 yil vafot etgach, o’rniga o’g’li Ahmad ibn Ismoil hokimiyat tepasiga kelgan. Ismoil Somoniy tarixiy ma’lumotlarga ko’ra, oqil, odil va ulamolarga homiy hukmdorlardan bo’lib, Markaziy hokimiyatni mustahkamlash, kuchli qo’shin tuzish, itoatsiz amirlarni buysundirish yo’lida qattiq kurashgan. U mamlakat obodonchiligiga ham katta e’tibor berib, ko’plab me’moriy inshootlar qurdirgan.