Islomxo’ja madrasasi va minorasi

Islomxo’ja madrasasi va minorasi — Xivadagi me’moriy yodgorlik. Ichan qal’a markazida joylashgan. Xiva xoni Asfandiyorxoning bosh vaziri va qaynotasi Islomxo’ja qurdirgan (1908-10). Madrasa (42,8*32,5)ning bosh tarzi ikki qavatli. Hovli (23×20) atrofi bir qavatli kichik hujralar (jami 42 ta) bilan o’ralgan. Bosh tarzining hovliga qaragan ikkinchi qavatida ayvon bor. Madrasaning Janubi sharqidagi masjid gumbazli, mehrobi koshin va ganchkori naqsh bilan bezatilgan. Old tomonida Xivadagi eng baland minora (44,6 metr) qad ko’targan. Asosining diametri -9,5 metr. Yuqoriga tomon ingichkalashib boradi. Ko’k, yashil rangli naqshlar bilan belbog’lar ishlangan. Qafasasiga panjaralar o’rnatilib, yuqorisi muqarnasli sharafa va qubba bilan yakunlangan. Minora shaharning deyarli hamma tomonidan ko’zga yaqqol tashlanib turadi. Islomxo’ja madrasasi va minorasini qurishda me’mor Xudoybergan hoji, naqqoshlar Eshmuhammad Xudoyberdiev, Bolta Voisov va boshqalar qatnashgan.