Ismoilova Kommuna

Ismoilova Kommuna (1927.15.12, Xiva) — xonanda, O’zbekiston xalq artisti (1964). O’rganch pedagogika institutining havaskorlik to’garagida Xorazm termalarini ijro etib tanilgan. 2-jahon urushi yillari Gavhar Raximova rahbarligidagi xotin-qizlar kontsert brigadasida ishtirok etgan. Xorazm musiqali drama teatrida (1946), O’zbek ashula va raqs ansamblida (1947), O’zbek davlat estradasida (1948-51), O’zbek davlat filarmoniyasida (1952— 59), O’zbekiston televidenie va radiosi o’zbek xalq cholg’ulari orkestri hamda maqom ansamblida (1959-88) yakkaxon xonanda. 1985 yildan Z. G’aniyeva nomidagi veteran ayollar ansambli qatnashchisi. Ismoilova Navo maqomidan Chapandozi Navo va uning Qashqarchasini, rost maqomidan Savti Ushshoq Qashqarchasini, Saraxborlar taronalarini, Nasri bayt taronalarini va Xorazmcha rost maqomining nasri Ushshoq sho’basini («shitob aylab») va boshqa maqom parchalarini ijro etgan. O’zbek xalq qo’shiqlari va zamonaviy ashulalardan «uylanma», «Yoshlik chog’imda», «Shifokorlar» va boshqalar, bastakorlardan Yu. Rajabiy, F. Sodiqov, K. Otaniyozov, M. Mirzayev asarlari, turli xalqlar (rus, ukrain turkman, qozoq) qo’shiqlari Ismoilova repertuaridan o’rin olgan.