Issiqbardoshlik

Issiqbardoshlik – konstruktsion materiallar (metallar, keramika, polimer va boshqalar) ning yuqori temperaturalarda mexanik zo’riqishlar ta’sirida deformatsiyalanish va emirilishiga qarshilik ko’rsatish xossasi. Asosan, yoyiluvchanlik chegarasi va uzoq muddat mustahkamligini yo’qotmasligi bilan belgilanadi. Materiallarning kimyoviy tarkibini tanlab, ularga kerakli struktura berib (termik yoki termomexanik ishlov berib), Issiqbardoshlik xossasiga erishiladi. Olovbardoshlik bilan bir qatorda Issiqbardoshlik materiallarning asosiy yaroqlilik mezoni hisoblanadi. Po’lat, nikel, temir, kobalt asosidagi qotishmalar, qiyin eriydigan metallar va ular asosidagi qotishmalar Issiqbardoshlik xususiyatiga ega bo’ladi. Masalan, po’lat 200° dan yuqori temperaturada bo’shatilganda (bo’shatish — kritik temperaturagacha qizdirib, keyin asta-sekin sovitish) po’latning qattiqligi tez pasayadi. Agar po’latga maxsus karbid hosil qiladigan miqdorda biror element (Gr, V, Mo, W) qo’shilsa, po’latning Issiqbardoshlik xossasi yaxshilanadi.