Jabg’u, Yabg’u

Jabg’u, Yabg’u (turkcha)-1) kushonlar davrida oliy unvonlarda biri; 2) Turk xoqonligida qag’an va tegin (xonzoda, taxt vorisi) kabi ma’muriy-harbiy mansablardan keyin turadigan unvon. Harbiy sarkarda sifatida qo’shinning o’ng qanotiga sardorlik qilgan. Bu mansabni egallashga faqat qag’an urug’idan chiqqan shaxslargina haqli edi. Xitoy solnomalarida ta’kidlanishicha, Jabg’u hukmdordan so’ng oliy ma’muriy-harbiy mansab sifatida faoliyat ko’rsatgan. G’arbiy turk xoqonligida Jabg’u istilohi davlat boshlig’i va oliy bosh qo’mondon ma’nosida iste’molda bo’lgan. “Tarixi Tabariy”da qayd etilishicha, Toxariston hukmdori Jabg’u unvonini egallab turgan. Birinchi Turk xoqonligi barpo bo’lgunga qadar, ashine urug’iga mansub turklar elida eng oliy ma’muriy-harbiy unvon Jabg’u hisoblangan. Xoqonlik tashkil etilgach, davlat boshlig’i qag’an, uning noibi esa Jabg’u deb atalgan. Turk xoqonligiga asos solingandan so’ng, Jabg’u unvonini egallab turgan Buminga qag’an, uning unisi Istamiga bahodur-Jabg’u unvoni beriladi. Mahmud Koshg’ariyning “Devonu lug’otit turk” asarida Jabg’u “yafg’u” fonetik shaklida qo’llangan bo’lib, “xoqondan ikki daraja past o’rinda bo’lgan odam” tarzida izohlangan; 3) o’g’uzlar va qarluqlar hukmdori.