Jubba, jiba, jeva

Jubba, jiba, jeva (turkcha)-1) O’rta Osiyo va Sharq armiyasida jangchini yoy o’qi, qilich va nayzadan saqlash uchun simdan to’qilgan maxsus harbiy kiyim. Jubba, asosan, jang paytlarida kiyilgan. 1,5-2 millimetr diametrdagi temir simlarni qalin to’r singari to’qib, ko’ylak va kalta shim shaklida tayyorlangan. Jubba ilk o’rta asrlarda keng tarqalgan. Jubba og’ir bo’lsa-da, jangchining gavdasini ixcham tutib, unga xalaqit bermagan. Jangchi Jubba bilan birgalikda yelka, bilak va ko’krakni himoya qilish uchun “chor oyna” deb atalgan po’lat taxtachalar taqib, qalqon bilan o’zini himoya qilgan. XV-XVI asrlarda miltiq asosiy urush quroliga aylana boshlashi bilan, Jubbaga ehtiyoj qolmagan; 2) avra-astarli, ichiga paxta solib qavilgan keng va uzun maxsus chopon. Ko’pincha qalandarlar, shayxlar kiygan. Jubbaning mo’yna va teridan qilingan turlari ham bo’lgan.