Kapsula

Kapsula (lotincha capsula — quticha) — 1) biologiyada — odam va hayvonlarda turli a’zolar va ularning ayrim qismlarini yoki patologik tuzilmalar (masalan, o’sma) ni o’rab olgan parda (masalan, jigar Kapsulasi, buyrak Kapsulasi, bo’g’im Kapsulasi va boshqalar). Asosan, tolali biriktiruvchi to’qima, ba’zan yog’li kletchatkadan tuzilgan bo’ladi; 2) farmakologiyada — yutiladigan dorilar solinadigan g’ilofcha; jelatina yoki kraxmalli bo’ladi. Og’iz shilliq pardasini ta’sirlanishdan saqlaydi, dorining yoqimsiz hidi yoki ta’mi odamga sezilmaydi. Kapsulani ochmasdan butunligicha yutilaveradi; 3) mikrobiologiyada — Kapsulali bakteriya hujayralari atrofidagi shilliq qavat.