Kimni «vals qiroli» deb atashadi?

O’z musiqasi bilan aslzoda kiborlarni zavqlantira olgan va shuning barobarida xalqning barcha qatlamlarida suyukli muallifga aylangan kompozitor nomini birdaniga aytish qiyin, albatta. Biroq ana shundaylarga yorqin bir misol bor. Bu — Iogann Shtraus o’g’li. Uni-da Shtraus otasi — u ham Iogann, u ham kompozitor, ikki yuz ellik valslar, polkalar va boshqa raqslarning muallifi bilan chalkashtirib qo’ymaslik uchun shu tarzda atashgan. Shtrauslar XIX asrda yashab o’tishgan: otasi o’z asarlarini o’n to’qqizinchi asrning birinchi yarmida, o’g’li esa ikkinchi yarmida yaratgan. Nafaqat shon-shuhrat nima ekanligini, qolaversa mug’anniy taqdirini to’la-to’kis emasligini (bo’kasb o’sha pallalarda hurmat-e’tiborga sazovar emasdi) obdon anglagan Shtraus otasi o’g’lining musiqa bilan shug’ullanishiga qarshi bo’lgan. Biroq Shtraus o’g’li otasining gaplariga quloq osmadi va… shon-shuhratga burkandi. U barcha ko’rsatkichlar bobida valine’matidan o’zib ketdi: nainki ikki barobar ko’p deyarli besh yuzta raqslar bastaladi, shuning barobarida o’n oltita raqsbop operetta muallifi sifatida dong taratdi. Hayratangez ajoyib valslar singdirilgan mashhur «Ko’rshapalak» ni kim bilmaydi deysiz! Iogann Shtraus o’g’lining serjilo, zavqbaxsh valslarining ommaviyligi shunchaki tasavvurga sig’mas edi. Balki, siz «Ulug’vor vals» filmini eslarsiz? Unda buyuk avstriyalikning musiqasi xalqning katta-katta izzatmand guruhlarini va Shtraus valslari sadolari ostida tunda uning adog’iga qadar raqsga tushishga shay o’ta yosh, avomga mansub va aslzoda, qashshoq va badavlat kishilarni, bu musiqani kechayu kunduz tinglashga qodir zotlarni zavqlantirar va go’yo vals to’lqinlarida olmadek oqizib o’ynar edi. Har ikkalasi — otasi ham, o’g’li ham — ajoyib dirijyorlar bo’lishgan. Biroq Shtraus o’g’li nafaqat ballarda (xuddi otasi singari), qolaversa kontsert zallarida ham dirijyorlik qilar edi. U butun jahonni aylanib chiqdi, kompozitorning shon-shuhrati ko’rkli edi, u hattoki Rossiyaga ham bir necha marotaba qadam ranjida aylab nainki hafif, raqsbop musiqani, balki jiddiy, shu jumladan Chaykovskiy va boshqa kompozitorlarning musiqasini ijro etgan orkestrlarga dirijyorlik qiladi. Darvoqe, Iogann Shtraus-o’g’li shaxsiy valslarining dirijyori sifatida o’zini yanada yorqinroq namoyon etgan. Bu san’atda biron kishi biror joyda undan o’zib keta olmasdi. U tinglovchilarni maftunkor kuylar jozibasi va ohanglarning allanechuk tasavvurga sig’mas shiddati bilan sehrlab qo’yar edi, deydilar. Uning valslariga hamma joyda — imperatorlar saroyida va shinam qovoqxonalarda, xonadonlarda va hattoki ko’chalar va maydonlarda raqsga tushib ketishardi! Butun Yevropa Shtrausning «Vena valslari» tufayli aqldan ozayozdi. Iogann Shtraus 1899 yilda vafot etdi. Oradan shuncha yillar o’tgan bo’lsa-da, bugun ham dunyoning eng obro’li kontsert zallarining afishalarida quyidagilarni o’qish mumkin: «Iogann Shtraus valslari oqshomi». Dunyoning eng a’lo orkestrlari va eng zukko dirijyorlari musiqa chaladigan buningdek musiqa oqshomlari hafif musiqa muxlislarini ham, talabchan jiddiy san’at muhiblarini ham birdek o’ziga jalb etadi. Shtraus nomi tilga olinganda hamisha tabassum paydo bo’ladi: barcha yorqin, yashashga muhabbat to’la, jozibali bir nimani kutadi. Iogann Shtraus «Vena valsi» va «Vena raqsbop operettasi»ning mumtoz namunalarini yaratib, Avstriyaning shuhratiga shuhrat qo’shdi. Butun dunyoda mashhur «Bahorgi o’rmon ertaklari», «Latif, moviy Dunayda», «Artist umri», «Ko’klam sadosi» valslarini bilishadi. Aytingchi, sizga Shtrausning qaysi valslari tanish?