Ko’k gumbaz masjidi

Ko’k gumbaz masjidi, Abdullatif masjidi — O’ratepa (Tojikiston)dagi me’moriy yodgorlik (16-asr o’rtalari). Shayboniyxon sulolasidan, Movarounnahr hokimi Abdullatifxon (1540-51) nomi bilan bog’liq. Old tomonidagi chuqur ravokli peshtoq (bosh tarzidagi) orqali gumbazli xonaqohga kiriladi. Ikki yon qanotida g’ishtin ustunli, ravokli, gumbazli galereya (xonalar) joylashgan. Peshtoq va poygumbaz sirtida uyma koshinkor bezaklardan foydalanilgan. Ichki gumbaz osti bag’allariga mayda ravoqchalar ishlangan. Xonaga yorug’lik mayda tuynuk ravoqchalar orqali tushadi. Mehrobi serjilo, muqarnasli naqshlarga boy. Izoralari 2 xil rang koshin bilan qoplangan. Xonaqoh devorlariga chuqur ravoqlar ishlangan.