Ko’kyong’oq

Ko’kyong’oq — Qirg’iziston Respublikasining O’sh viloyatidagi shahar (1943 yildan). Temir yo’l stantsiyasi. 1500 metr balandlikda, Farg’ona tizmasining g’arbiy etagidagi Surentepa tog’yon bag’rida, Qo’rg’ontosh daryosi sohilida joylashgan. Jalolobod shahridan 28 kilometr, O’sh shahridan 88 kilometr uzoqlikda. Yanvarda o’rtacha temperatura -10°, iyulniki 20°. Yiliga 400 mm yog’in yog’adi. Aholisi 11 ming kishiga yaqin (2000). 1910 yilda toshko’mir konining ishga tushirilishi munosabati bilan vujudga kelgan. Toshko’mir qazib olinadi. Transport va iqtisodiy aloqalar avtomobil va temir yo’l orqali amalga oshiriladi. Tikuvchilik fabrikasi, non zavodi, maishiy xizmat ko’rsatish kombinati, 5 umumiy ta’lim maktabi, kasb-hunar bilim yurti, 3 kutubxona, kasalxona, poliklinika bor.