“YODGOR”
“YODGOR” — o’zbek xalq qahramonlik dostoni. Fozil Yo’ldosh o’g’lilan folklorshunos H. Zarifov yozib olgan (1937). “Yodgor” “Alpomish” dostonining davomi bo’lib, nasliy turkumlik tamoyili asosida yaratilgan. Alpomishning mard o’g’li Yodgor faoliyatiga bag’ishlangan. Dostonda Boysin elida Alpomish yo’qligida o’zini o’zi bek ko’targan Ultontoz zulmidan bezgan bir guruh qo’ng’irotliklarning Aymoq eliga ko’chib ketishi, u yerda aymoq polvonlari o’rtasida talashda qolgan Oydinoyni qutqarish uchun Yodgorning olib borgan mardonavor kurashlari, Oydinoy va urug’doshlarini yurtiga olib qaytishi tasvirlanadi. “Yodgor”da “Alpomish”dagi qator mavzularning yangicha talqini orqali mardlik, jasurlik, sevgi-sadoqat, dushmanga nafrat, Vatanga muhabbat, totuvlik g’oyalari tarannum etiladi. “Yodgor” faqat O’zbekistonda mashhur. Qozoqlarda Yodgorning o’g’illari (Alpomishning nevaralari) haqida “Olatoy va Japarqul” dostoni yaratilgan.