Neva

Neva (Fincha neva — botqoqlik) — Rossiya Federatsiyasi Leningrad viloyatidagi daryo. Uzunligi 74 kilometr, eni 1300 metrgacha, havzasining maydoni (Ladoga, Onega ko’llari va boshqalarning havzasi bilan birga) 281 ming km2. Neva havzasining o’zi 5000 km2. Ladoga ko’lidan boshlanib, Boltiq dengizi Fin qo’ltig’ining Neva qo’ltiqchasiga quyiladi. O’rtacha yillik suv sarfi daryo quyilish joyida 2530 m3/sekund. Janubiy-g’arbiy va g’arbiy shamollar Fin qo’ltig’i va Nevaning quyi oqimidan suvni haydaydi, natijada suv sathi ko’tariladi va ayrim vaqtlarda Sankt-Peterburgda suv toshadi. Dekabrda muzlab, aprel oxiri — may boshlarida muzdan bo’shaydi. Irmoqlari: o’ngdan — OXTA; chapdan — ijora, Tosna, M ga. Nevada kema qatnaydi: Neva Volga—Boltiq suv yo’lining bir qismi hisoblanadi. Nevaning deltasidagi 42 ta orolda Sankt-Peterburg shahri joylashgan.