Nevar tili

Nevar tili, nevari — Tibet-birma tillarining Sharqiy Himolay guruhchasiga mansub til. Ba’zi jihatlari bilan ayrim turkiy, mo’g’ul va manjur tillariga yaqin turadi. Nepalda, asosan nevarlar yashaydigan Katmandu vodiysida, shuningdek, qisman Hindiston va Butanda tarqalgan. Unda 1 millionga yaqin kishi so’zlashadi. Nevar tili 4 ta lahjaga ega: ularning 3 tasi Nepalning Markaziy qismidagi Katmandu, Bhak-tapur, Lalitpur shaharlarida va to’rtinchisi Nepalning Sharqiy qismida tarqalgan. Fonetikasi uchun bo’g’iz undoshlari, burunlashgan unlilar xos. Morfologik tuzilishi agglyutinativ, o’zak va affiksal morfemalari asosan bir bo’g’inlidir. Fe’llar 5 xil tuslanish shakliga ega. Lug’at boyligining 75 foizi Nevarcha; sanskrit va Tibet tillaridan o’zlashgan so’zlar ham anchagina. Nevar tili 14-18-asrlarda Nepalning rasmiy tili bo’lgan, biroq 18-asr oxirida ham rasmiy, ham adabiy doirada uning o’rnini Nepal tili egallagan. 20-a.srda so’zlashuv shakllaridan, asosan, Katmandu laxjasi asosida adabiy Nevar tili qayta tirila boshladi. Nevar yozuvi 9-asrda brahmi asosida shakllangan, hozirgacha cheklangan holda amalda. Hozirgi Nevar tili 18-asr oxiridan devanagari yozuvidan foydalanib keladi.