Landshaft

Landshaft (nemischa Land — yer, schaft — manzara) — 1) tipologik tabiiy komplekslarni umumlashtiruvchi tushuncha: geologik zamini, relefi, iqlimi, tuproqlari, o’simlik turkumi, hayvonot dunyosi, gidrologik rejimining bir xilligi bilan ajralib turadigan va tabiiy chegaraga ega bo’lgan hudud. Landshaftshunoslikda Landshaftning 3 xil tushunchasi mavjud: regional tushuncha, bunda Landshaft yer yuzasining tabiiy chegaralangan uncha katta bo’lmagan qismi tushuniladi; tipologik birlik bo’lib, bunda Landshaft termini barcha tasnif birliklariga nisbatan qo’llaniladi; umumiy tushuncha, bu holda Landshaft terminini turli katta-kichiklikdagi tabiiy geografik komplekslarga nisbatan qo’llanilyshi mumkin. Masalan, tundra Landshaft, dasht Landshaft, tog’ va hokazolar; 2) me’morlikda — bog’-rog’li joylarning umumiy ko’rinishi, manzarasi; 3) tasviriy san’atda — manzara janri.