Liq-liq, xolodes

Liq-liq, xolodes — mol, qo’y, buzoqlarning kalla-pochalaridan tayyorlanadigan yaxna taom. Mol yoki qo’yning kalla-pochalari, oyoq qismi kuydirilib, yaxshilab tozalanadi, so’ng bo’laklarga bo’linadi, suyaklari esa chopilib, 3-4 soat sovuq suvga solib qo’yiladi. Go’sht-suyaklar yaxshilab yuvilgach, qozonga sovuq suv (1 kilogramm kalla-pochaga 3 litr suv hisobida) quyib 6-8 soat davomida sust olovda mildiratib qaynatiladi. Tayyor bo’lishidan 1 soat oldin 1-2 dona sabzi, dafna yaprog’i, qalampir, sarimsoq, murch va qirqilgan oshko’klar solinadi. Masalliq hil-hil bo’lib pishgach, sho’rva ustidagi yog’i, dafna yaprog’i va qalampir olib tashlanadi, go’sht va paylar esa suyaklardan ajratilib mayda-mayda qilib to’g’raladi. Chuqur likopchalarga taqsimlanib (har bir likopchaga yarimtadan qattiq pishgan tuxum ham solish mumkin), so’ngra ustiga sho’rvasidan quyib, salqin joyda sovitiladi. Tayyor Liq-liq oshko’klar bilan dasturxonga tortiladi.