Lobachevskiy Nikolay Ivanovich

Lobachevskiy Nikolay Ivanovich [1792.20.11(1.12), Nijniy Novgorod -1856.12(24). 2, Qozon] — rus matematigi, noevklid geometriyani yaratgan. Qozon universitetini tugatgach (1811), shu universitetda o’qituvchi, professor (1816), fakultet dekani (1820-26), rektor (1827-46). Lobachevskiy Evklid geometriyasining parallellik aksiomasi o’rniga boshqa aksioma kiritib, ziddiyatdan xoli mukammal geometriya — noevklid geometriyani yaratdi. Zamondoshlari tan olmaganligiga qaramay, Lobachevskiyning ishlariga xayrixoh K. Gauss tavsiyasi bilan Gyottingen ilmiy jamiyatining muxbir a’zoligiga saylangan. Lobachevskiy algebra (tenglamalarni taqribiy yechish usuli), matematik analiz (funktsiyaning mukammal ta’rifi, qatorlarning yaqinlashish alomati), ehtimollar nazariyasi, mexanika va boshqa sohalarga muhim hissa qo’shdi. Lobachevskiy moddiy qiyinchilik va xastaligiga qaramay, umrining oxirigacha ilmiy faoliyatini davom ettirdi. Lobachevskiy geometriyasining yaratilishi matematika taraqqiyotida katta voqea bo’ldi, tabiat haqidagi tasavvurlarimizni boyitdi.