Litke Fyodor Petrovich

Litke Fyodor Petrovich (1797.17.9 — Peterburg — 1882.8.8) — rus dengizchi sayyohi va geografi. Arktikani tadqiq qilgan. Graf (1866), admiral (1855), Peterburg Fanlar Akademiyasining muxbir a’zosi (1829), faxriy a’zosi (1855) va prezidenti (1864). Bir necha rus va xorijiy ilmiy muassasalarning faxriy a’zosi, Parij Fanlar Akademiyasining muxbir a’zosi. 1817-19 yillarda V. M. Golovnin rahbarligida dunyo aylana sayohatda ishtirok etgan. 1821-24 yillarda Novaya Zemlya orollari sohillarini, Barents va oq dengizlarni tadqiq etgan ekspeditsiyaga boshchilik qilgan. 1826-29 yillarda dunyo aylana ekspeditsiyaga rahbarlik qilib, bering dengizi sohillarini o’rgangan. Karolina arxipelagidagi 12 orolni kashf qildi. Litke Rossiya Geografiya jamiyatiga 1845 — 50 va 1857-72 yillarda rahbarlik qilgan. 1873 yilda Rossiya Geografiya jamiyati Litke nomida katta oltin medal ta’sis etdi. Novaya Zemlya o.laridagi burun, yarim Orol, tog va qo’ltiq, Frans-Iosif Eridagi Orol va boshqalar Litke nomiga qo’yilgan. As: Chetirexkratnoe Puteshestvie v Severniy Ledovitiy okean na voennom Brige «Novaya Zemlya» v 1821 — 1824 godax, 2 izd., M., 1948; Puteshestvie vokrug Sveta na voennom shlyupe «Senyavin» v 1826-29 gg., 2 izd., M., 1948. Ad.: Alekseev A. I ., Fyodor Petrovich Litke, M., 1970.