Litiy rudalari

Litiy rudalari – tarkibidagi litiyning kontsentrasiyasi ajratib olish iqtisodiy jihatdan foydali darajada bo’lgan tabiiy mineral hosilalar. Litiyning ushbu rudalardagi ma’lum bo’lgan 40 dan ortiq minerallari qatoriga spodumen, petalit, lepidolit, ambligonit, tsinnvaldit va boshqalar kiradi. Odatda, bu xildagi rudalar tog’ jinslarini greyzenlanishi va pegmatitlarni tashkil topish jarayonlarida yuzaga keladi. Rudalanish masshtablari va konning yuzaga kelish sharoitlari bo’yicha ham dunyoda noyob bo’lgan Shavozsoy koni 1970 yilda Toshkent yaqinida ochilgan. Litiy rudalari qora slanesli, xususan, organik moddalar (uglerod-kremniy karbonatli Alevrolitlar va boshqalar) bilan to’yingan vulkanogen cho’kindi formatsiyalardan iborat bo’ladi. Rudalar postmagmatik jarayonlar bilan bog’liq holda 500-700° temperatuada 3-7 kilometr chuqurlikda hosil bo’ladi. Litiy oksidi zaxirasi 165 ming tonnadan ortiq, rubidiy oksidi 16 ming tonna, tseziy oksidi 7 ming tonnani tashkil etadi. Litiy oksidining tog’ jinslaridagi o’rtacha miqdori 0,4—06% ga teng. Gidroslyudamon-tmorillonit, fengit va polilitionit, litiy minerallari hisoblanadi. Litiy rudalari konlarining barchasi amalda kompleks konlardir. Litiydan tashqari bir qancha qimmatbaho komponentlar ajratib olinadi.