Lutfullo Mavlono masjidi

Lutfullo Mavlono masjidi — Namangan viloyati Chust tumanidagi me’moriy yodgorlik (20-asr boshlari). Dastlab masjid, madrasa, minora, maqbara va boshqa binolardan iborat ansambl bo’lgan. Bizgacha bir tomoni ustunli masjid ayvoni (28×7,2 metr) saqlangan. Ayvon shiftini 3 qatorli 7 yog’och ustunlar ko’tarib turadi. Markaziy ravoklar zinali karniz-kayvon (karnizning alohida ko’tarilgan qismi) hosil qilib, yuqori ko’tarilgan. Qirrali ustunlar sodsa, shifti esa serhasham handasiy naqshlar — gulsafsar va pechakgul chirmovuqlari bilan uyg’unlashgan. Toqilariga ishlangan gullarning takrorlanishi muayyan izchillik hosil qiladi. Naqshlarida ko’k, yashil va qizil ranglar ko’proq qo’llanilgan. Masjidning Janubiy-Sharqiy burchagidan bir necha metr narida minora (balandligi 13 metr) qad ko’targan. Minora tanasi Feruza rang koshinlar bilan qoplangan. Mezananing tag qismi pargari egri ravoqli muqarnas belbog’ bilan o’ralgan. Lutfullo Mavlono masjidi shahar istirohat bog’i hududida, ta’mirdan so’ng tarix muzeyi sifatida foydalanilmoqda.