Magnit

Magnit (Yunoncha magnetis, Magnetis litpos — aynan kichik Osiyodagi qadimgi shahar Magnesiya nomidan) — magnitlangan ferromagnit yoki ferromagnit (ya’ni magnitlovchi maydon ta’siri olinganidan keyin ham katta magnit induktsiya xossasini saqlaydigan) materiallardan yasaladigan taqasimon polosa va boshqa shakldagi buyum (jism). Odatda, Magnit havo tirqishida, masalan, taqasimon Magnitning qutblari orasida magnit oqimi vujudga keltirishga xizmat qiladi. Havo tirqishi Magnitning magnit induktsiyasi (demak, magnitlanganligi)ni kamaytiradi. Magnit temir, nikel va ba’zi metallarni tortish qobiliyatiga ega. Erkin osib qo’yilgan Magnit (masalan, kompasning magnit mili) erning magnit maydonida o’z-o’zidan shunday joylashib qoladiki, uning qutblarini birlashtiruvchi chiziqlar taxminan meridian bo’ylab yo’naladi. Shunda Magnitning shimolga qaragan uchi shimoliy qutb, Janubga qaragan uchi Janubiy qutb deb ataladi. Magnitlanish elektr toki bilan vujudga keltiriladigan Magnit elektromagnit deb ataladi. Magnit radioelektronika, radiotexnika, avtomatikada mustaqil doimiy magnit maydoni manbai sifatida keng qo’llaniladi. O’ta o’tkazuvchan materialdan yasalgan chulg’amli solenoid yoki elektromagnit o’ta o’tkazuvchan Magnit deb ataladi. U moddalarning magnit, elektr va optik xossalarini tadqiq qilishda; plazma, atom yadrolari va elementar zarralarni o’rganishga doir tajribalarda keng qo’llaniladi.