Marzbon, Marzubon

Marzbon, Marzubon (forscha marz-chegara, chiziq, ma’lum bir joy va bon-soqchi, qo’riqchi)-Qadimgi Eron viloyat hukmdori unvoni. Dastlab Marzbon istilohi chegaraga yondosh ma’muriy birlik hokimini ifodalash uchun qo’llanilgan. Arabcha, forscha va turkiycha tarixiy-badiiy asarlar matnida Marzbon ko’zga tashlanadi. Eski arman obidalarida “Marzlan”, “Marzvan”, suryoniy yodgorliklarida “Mazbono”, “Marzabono” fonetik shakllari qo’llanishda bo’lgan. Sosoniylarda cheagara viloyati hokimi hisoblanmish Marzbonning imtiyozi o’zga viloyat hokimlariga nisbatan ancha kengroq edi. Marzbonlar Sharqiy Armanistonni, sosoniylar hukmronligi barham topgach, 428 yildan Sharqiy Gruziyani esa, sosoniylarga qarshi qo’zg’olon bostirilgandan so’ng, 523 yildan idora etganlar. Unga zarur paytlarda mustaqil siyosat yuritish huquqi berilgan. Marzbonlar ko’pincha shoh xonadoniga mansub bo’lib, joylarda ma’muriy, harbiy va sud hokimiyatiga ega edilar. Alisher Navoiy asarlari tilida Marzbon soqchi, chegarachi ma’nosida ishlatilgan. “Boburnoma”da chegara viloyati hokimi sarhadbegi atamasi bilan anglashilgan. Xiva xonligida Marzbon qal’a boshlig’i vazifasini ado etgan.