Nabateya podsholigi

Nabateya podsholigi – Iordaniya hududida qadimda mavjud bo’lgan davlat (miloddan avvalgi 3-asr oxiri — 2-asr boshi — milodiy 106). Miloddan avvalgi 6-asr boshida Edem rayoniga Arab qabilalaridan nabateylar kelib o’rnashgan. Ular haqida ilk marta Bibliyada qayd etilgan. Miloddan avvalgi 3-asr oxiri — 2-asr boshlarida poytaxti Petra shahri bo’lgan Nabateya podsholigi vujudga kelgan, u Ptolemeylar sulolasi boshqargan Misrning ta’sir doirasiga kirgan. Nabateya podsholigining 1-podshosi — Xaritat I (miloddan avvalgi 169 yildan shoxlik qilgan). 87 (yoki 85) yilda Xaritat III (miloddan avvalgi 87-62) Damashqni bo’ysundirgan. Miloddan avvalgi 60-yillar oxiridan Nabateya podsholigi Rim vassali. Nabateya podsholigining ravnaq topgan davri Xaritat IV davriga (milodiy 9-40) to’g’ri keladi. Nabateya podsholigining so’nggi podshosi Rabbil II (71 — 106) bo’lgan. 106 yil Rim imperatori Trayan Nabateya podsholigini tugatib, uning hududini Rimning Arabiston provintsiyasiga aylantirgan. Nabateyaliklardan hozir faqat oz sonli yozma yodgorliklar saqlanib qolgan.