Najdak

Najdak (turkiycha) — mayda va yupqa donador kristallardan iborat tog’ jinsi. Boksitlarning metamorfizmga uchrashidan hosil bo’ladi. Najdak tarkibidagi korund boshqa minerallar (magnetit, xlorit, gematit, kvars va mo’rt slyudalar va hokazolar) bilan birikib ketgan. Tarkibida 60% gacha korund bo’lgan Najdak tabiiy abraziv materiallarga kiradi. Najdakning qattiqligi mineralogik shkala bo’yicha 7-8. Rangi qora, qoramtir kulrang, to’qyashil. Najdak ko’pincha marmarlarda linza, shtok, uyum, tomirlar shaklida, ba’zan esa gabbro, norit, granitlarda va bu jinslar kontaktida ksenolitlar ko’rinishida mavjud. O’zbekistonda ko’p joylarda (Nurota tog’lari, Molguzar va boshqalar) uchraydi.