Nagpur

Nagpur — Hindistonning markaziy qismidagi shahar. Maharashtra shtatida, Nag daryosi bo’yida. Aholisi 1,96 million kishi (2001); asosan hindi, Marathi tilida so’zlashadi. Muhim savdo-transport tuguni. Mumbay — Kalkutta temir yo’l va avtomagistralining deyarli o’rtasida joylashgan. Ip gazlama sanoatining yirik markazi. Oziq-ovqat, keramika, oyna-shisha, poligrafiya sanoatlari rivojlangan. Sovitkichlar ishlab chiqarish, shina zavodlari mavjud. Hunarmandchilikda oltin va kumush ipli matolar to’qiladi. Universitet, arxeologiya muzeyi, ilmiy tadqiqot muassasalari, shahar atrofida apelsin bog’lari bor, paxta ekiladi. Nagpur yaqinidan marganes qazib olinadi. Shaharga 18-asr boshlarida asos solingan. 18-asrning 30-yillaridan Marath sultonligi tarkibidagi Bxonsle davlati poytaxti bo’lgan. 1853 yil Britaniya Hindistoni tarkibiga qo’shildi va Markaziy provintsiyalarning ma’muriy markaziga aylandi. 1950-56 yillarda Madxya-Pradesh shtatining ma’muriy markazi bo’lgan.