Navoiy viloyat o’lkashunoslik muzeyi

Navoiy viloyat o’lkashunoslik muzeyi — madaniy-ma’rifiy muassasa; 1992 yilda Navoiy shahrida tashkil etilgan. Muzeyning arxeologiya, etnografiya, numizmatika, tabiat, tasviriy san’at va sanoat bo’limlari bor. Muzeyda Navoiy viloyati hududidan topilgan arxeologik yodgorliklar, viloyat tabiati, san’ati, sanoati (Navoiy kon metallurgiya kombinati, «Qizilqumtsement», «Navoiy azot» ishlab chiqarish birlashmasi, Navoiy GRES kabi sanoat korxonalari tarixi va faoliyati, ularning mahsulotlaridan namunalar) aks ettirilgan. 2500 dan ortiq hujjatlar va eksponatlar, viloyat tabiati, hayvonot va o’simliklar dunyosi, suv havzalari, cho’l tabiatiga xos tabiiy boyliklardan namunalar namoyish etiladi. Muzey fondi (Nurota, Zarafshon, Xatirchi, Karmana, Konimex va boshqa bo’limlari bilan birga) 35 mingdan ziyod (2003), shuningdek, ilm-fan, tibbiyot, sport kabi ijtimoiy sohalarni yorituvchi materiallar to’plangan.