Nikotin kislotasi

Nikotin kislotasi, piridin 3-karbon kislota — suvda oz eriydigan rangsiz kristall. V vitamin guruhiga mansub, suyuqlanish temperaturasi 236-237°. Organizmda keng tarqalgan. Sut, baliq, sabzavotlar-mevalar, achitqi, bug’doy kepagi, go’sht, ayniqsa, jigar va buyrakda ko’p. Nikotin kislotasi amidi — nikotinamid kofermentlar — nikotinami-dadenindinukleotid (NAD) va nikotinamid-adenindinukleotid- fosfat (NADF) tarkibiga kiradi. Nikotin kislotasining organizmdagi ahamiyati me’da-ichak yo’llari epidermasi va epiteliysini hamda nerv sistemasi funktsiyasini normal holatda tutib turishdan iborat. Kishining Nikotin kislotasiga bo’lgan bir kecha-kunduzdagi ehtiyoji 20-30 mg. Nikotin kislotasi yetishmasa, pellagra kelib chiqadi. Nikotin kislotasi pellagradan tashkari, me’da-ichak kasalliklari, ateroskleroz va boshqa kasalliklarni davolashda ham ishlatiladi. Sanoatda nikotinni oksidlab olinadi.