Nilometr

Nilometr — Ahmad al-Farg’oniy boshchiligida Abbosiy xalifa al-Mutavakkilning amri bilan 861 yilda Qohira shahri yaqinidagi Ravzo orolida Nil daryosi suv sathini o’lchash maqsadida qurilgan inshoot. Ba’zi Sharq mualliflari asarlarida «miqyos an-Nil», deb ataladi. Nilometr murabba shaklidagi quduq ko’rinishida bo’lib, Nil daryosi bilan uchta yer osti suv yo’llari orqali tutashgan. Quduq urtasida oq marmar bilan qoplangan (balandligi 10 metr chamasida) sakkiz qirrali ustun o’rnatilgan. Ustunda suv sathini o’lchashga imkon beradigan yirik darajot bo’lib, u mayda darajotga bo’lingan. Yirik darajot Arab tirsak birligi (taxminan 54 santimetr)ga, maydalari esa uning 1/24 qismi (qirot)ga, ya’ni 2,25 santimetrga teng. Kuzatuvchi suv sathi haqida hisob olish uchun aylanma zinapoyadan tushib chiqqan. Nilometr daryo suv sathini katta aniqlikda o’lchashga imkon bergan. Jahon Meteorologiya Tashkilotiga a’zo bo’lgan barcha davlatlarda suv havzalari (daryolar, ko’llar, suv omborlari, hatto dengiz va okeanlar)ning suv satxlari ham shu printsipda o’lchanadi.