Noan’anaviy energiya manbalari nima?

Yer sharida energiyaning yiryk zaxiralari yetarli. Inson ularni o’zlashtiradi, biroq zaxiralar chegarasiz emas. Yonilg’i zaxiralari asta-sekin kamayib boradi. Shak-shubhasiz, bir kun kelib tabiiy gaz, ko’mir va neft xom ashyolari zaxirasi mutlaqo tugab qolishi mumkin. Shu boisdan olimlar hozirning o’zidayoq energiyaning yangi manbalarini topish ustida ishlamoqdalar. Ular ishlab chiqarayotgan energiya tabiiy xom ashyolar zaxiralarini iqtisodiy tejab qolishga imkon beradi. Shu sababli ular energiyaning muqobil (alternativ) manbalari deyiladi. Bu qanday manbalar? Ular — daryolarda oqayotgan va balandliklardan shalola bo’lib tushayotgan suv, quyosh energiyasi, to’lqinlarning ko’tarilishi va pasayishi, yer osti harorati va atom energiyasidir. Hozirgi kunda tinimsiz ravishda energiyaning yangi manbalari izlanmoqda, chunki energiyaga ehtiyoj tobora ortib boryapti. Muqobil (alternativ) energiyadan foydalanishga quyosh energiyasidan uylar isitilayotganligini misol qilib keltirsak bo’ladi. Buning uchun uy tomiga maxsus plastinkalar o’rnatiladi. Ularga tushayotgan quyosh nuri esa suvni isitadi va uning issig’idan uyni isitish uchun foydalaniladi. Biroq quyosh energiyasini elektr energiyasiga ham aylantirish mumkin. Buning uchun esa kuchli quyosh batareyalaridan foydalaniladi. Ishlab chiqarilgan elektr energiyasi akkumulyatorlarga to’planiladi. Atom energiyasidan foydalanishning ham ahamiyati katta. Atom elektr stantsiyalari ekologik jihatdan eng toza energiya manbalari hisoblanadi. Agar olimlar yadroviy nurlanishning halokatli xavfini pasaytira olsa, kelgusida atom energiyasi energetikada yetakchi o’rinni egallaydi. Buning uchun eng ishonchli atom elektr stantsiyalarini yaratish va radioaktiv chiqitlardan qayta foydalanish usullarini ishlab chiqish lozim bo’ladi. Energiya manbalaridan yana biri shamol energiyasidir. O’tmishda shamol donni unga aylantiruvchi shamol tegirmonlarini ishlatish uchun foydalanilgan. Biroq yangi tegirmonlar elektr energiyasining manbalari ham bo’la oladi.