NODAVLAT SEKTOR

NODAVLAT SEKTOR — milliy iqtisodiyotning davlat tasarrufida bo‗lmagan sohalari. Nodavlat sektor g’arb mamlakatlarida privat, ya‘ni xususiy sektor deb yuritiladi. O’zbekistonda xususiy korxonalar, qo’shma korxonalar, shirkatlar, kooperativlar, xo’jalik uyushmalari, aksiyadorlik jamiyatlari, fermer va dehqon xo’jaliklari Nodavlat sektorga kiritilgan. U xususiy mulkning ustuvorligi bilan ajralib turadi va uning milliy iqtisodiyotdagi hissasi turli mamlakatlarda turlicha. Nodavlat sektor korxonalari, birinchidan, o’zaro bozor aloqalari o’rnatsa, ikkinchidan, davlat sektori bilan bog’lanib, turli resurslar va xizmatlarni sotib oladi. Nodavlat sektor xo’jalikning hamma jabhalarida mavjud bo’lib, savdo-sotiq, xizmat ko’rsatish, qishloq xo’jaligi, transport, qurilish, iste‘mol buyumlari ishlab chiqarishda yetakchilik qiladi, ammo bazaviy tarmoqlarda uning hissasi nisbatan kichik. Nodavlat sektor iqtisodiyotning erkin, davlat aralashuvidan holi sohasi sifatida bozor qoidalariga binoan rivojlanadi. Bu yerda ishlab chiqarish strategiyasini bozordagi talab va taklif nisbati belgilab beradi. Nodavlat sektorda daromadlar erkin taqsimlanib o’zlashtiriladi. Nodavlat sektor o’z tovarlarini davlat buyurtmalariga binoan, davlat sektoriga sotadi, davlat sektoridan esa kerakli tovar va xizmatlarni kelishilgan narxda sotib oladi. Nodavlat sektor erkin bo’lganidan unga iqtisodiy faoliyatni xilma-xilligi xos. Nodavlat sektorning iqtisodiyotdagi hissasi shu sector korxonalarida jamg’arish yuz berib, daromadlar investitsiyaga yo’naltirilishi natijasida ishlab chiqarishning kengayishi va davlat mulkining xususiylashtirilishi tufayli korxonalarning Nodavlat sektorga o’tishi yo’li bilan o’sadi. Bu hissa 4 ko’rsatkichga binoan aniqlanadi: yalpi ichki mahsulot (YAIM), ishlovchilar soni, kapital mablag’lar va asosiy kapital (fond) miqdori ko’rsatkichlari. Bular orasida asosiysi – Nodavlat sektorning YAIMdagi hissasi hisoblanadi. O’zbekiston iqtisodiyotida Nodavlat sektor hissasi 2000-yilda yalpi ichki mahsulotning 70,2 foizni, band bo’lganlar sonining 76 foizni, korxonalar soni bo’yicha, 87,7 foizni tashkil etdi.