Nodir Devonbegi xonaqohi

Nodir Devonbegi xonaqohi – Buxorodagi me’moriy yodgorlik. Buxoro xoni Imomqulixonning vaziri Nodir devonbegi (Nodir Mirzo Tog’ay ibn Sulton) qurdirgan (1620-21). Labihovuz ansamblidan hovuz bilan birga bunyod etilgan. Peshtog’i hashamatli, ravog’ining qanosi ancha baland, ulug’vor, ayrim yerlarida koshinlarning parchalari saqlanib qolgan. 2 tomonidagi tagi qirrali guldasta-mezanalar old ko’rinishiga salobat beradi. Xonaqohning 2 yonidan ham hujralarga kiriladigan eshiklari bo’lgan. Devorlari bir necha bor ta’mirlangani (1914-16 yillarda Buxoroning oxirgi amiri Sayid Olimxon tomonidan ta’mirlangan) dan asl ko’rinishi o’zgargan. Nodir Devonbegi xonaqohi simmetrik tarqli (27,5×25 metr), kiraverishda ayvon, xonaqoh (11,2 xll,2 metr) va uning yon tomonlarida 2 qavatli darvishlar yotog’i bo’lgan. Guldastalar ichidagi aylana zina bilan bino tepasiga chiqiladi. Xonaqoh ulkan gumbazli, devorlariga taxmonlar ishlangan. Undagi serhasham naqshlar saqlanmagan. Peshtoq ravog’idagi 3 tobadonni ganchkori panjaralar bezagan. Nodir Devonbegi xonaqohining hozirgi ko’rinishi o’zgarib muhtasham, salobatli, ko’rkam inshootga aylantirilgan.