Nodirov Turdi

Nodirov Turdi (1936.5.10, Toshkent) — kinorejissyor-operator. O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan san’at arbobi (1973). Moskva kinematografiya institutini tugatgan (1959). «O’zbekfilm»da operator (1959-61), O’zbekiston ilmiy-ommabop va hujjatli filmlar kinostudiyasida rejissyor-operator (1961-86), direktor (1976-86). 1989-2002 yillar «O’zbekiston videomarkazi» da rejissyor- operator, 2002 yildan O’zbekiston kino arboblari birlashmasi raisining birinchi o’rinbosari. Ijodiy faoliyatini 1959 yil «Mahallada duv-duv gap» filmiga operatorlik qilishdan boshlagan. «Zangori olov kishilari» hujjatli filmi (1960) Nodirovning hujjatli kinodagi birinchi ishidir. U o’z ijodi davomida 130 dan ortiq ilmiy-ommabop va hujjatli filmlar yaratdi («Salom, bahor», «oltin to’y», «Tojixon bilan uchrashuv», «Askiya», «Registon», «o’n uch qaldirg’och», «Kanadada sakkiz kun», «Oltin Bengaliya», «Xalq o’yinlari» va boshqalar). Operatorga xos kuzatuvchanlik, voqelikka ijodiy yondashuv, hozirjavoblik, lavhadagi har bir epizodni tez ilg’ab olish, suratga olish jarayonida improvizasiya bilan ishlash Nodirov ijodiga xosdir. Hamza nomidagi O’zbekiston Davlat mukofoti laureati (1975).