Notariat

Notariat (lotincha notarius — Mirza, kotib) — yuridik ahamiyatga ega bo’lgan huquklar va faktlarni tasdiklash vazifasi topshirilgan va qonunda nazarda tutilgan boshqa notarial harakatlarni bajaruvchi organlar tizimi. O’zbekiston Respublikasida davlat va xususiy amaliyot bilan shug’ullanuvchi notarial idoralar Notariat tizimini tashkil etadi, ular bo’lmagan aholi yashaydigan joylarda ba’zi notarial harakatlar fuqarolar yig’inlarining raislari (oqsoqollar) tomonidan amalga oshiriladi. Notarial idoralar yuridik faktlarni belgilaydigan va fuqarolik huquklari to’g’risidagi nizolarni hal qiluvchi sud muassasalaridan farqlanadi. Bu idoralar fuqarolar bilan bevosita uchrashish yo’li bilan yoki qonunda ko’rsatilgan hollarda hujjatlarga asosan nizosiz huquqlarni va yuridik faktlarni tasdiqlaydi. O’zbekiston Respublikasida Notariatning tashkil etilish printsiplari va faoliyati O’zbekiston Respublikasining «Notariat to’g’risida»gi qonuni (1996 yil 26 dekabr), O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Notariat to’g’risida chiqargan qarorlari va O’zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan tasdiqlangan «O’zbekiston Respublikasi notarial idoralari tomonidan notarial harakatlarni bajarish tartibi to’g’risida»gi, «O’zbekiston Respublikasi davlat notarial idoralarining notariuslari va xususiy amaliyot bilan shug’ullanuvchi notariuslarning notarial harakatlarni amalga oshirish tartibi to’g’risida»gi 1997 yil 28 apreldagi qo’llanmasi, O’zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi hay’atining 1997 yil 28 apreldagi qarori bilan tasdiqlangan «O’zbekiston Respublikasi davlat notarial idoralarida xususiy amaliyot bilan shug’ullanuvchi notariuslarning ish yuritish tartibi haqida»gi, «O’zbekiston Respublikasi shaharchalar, qishloqlar va ovullar fuqarolari yig’inlarining raislari (oqsoqollari) tomonidan belgilangan notarial harakatlarni amalga oshirish tartibi to’g’risida»gi qo’llanmalari hamda boshqa huquqiy hujjatlarga asoslanadi.