NO’YON

NO’YON (mo’g’ulcha noyon, noyan, noyin – janob, knyaz) — o’rta asrlarda Mo’g’ulistondagi oliy tabaqa vakillari. Dastlab (XI asr – XII asrning birinchi yarmi) qadimgi mo’g’ullarning aslzoda urug’ boshliqlarini anglatgan, so’ngra (XII asrning ikkinchi yarmida) cho’l zodagonlarini, urug’chilik tuzumi yemirilib mulkdorlik munosabatlari shakllanayotgan davrda ajralib chiqqan aslzodalarni bildirgan. Manjurlar hukmronligi davrida (XVII-XX asr boshi) No’yon – turli daraja va rutbadagi hokimlar – siyosiy mustaqillikdan mahrum bo’lishgan, biroq o’zlarining mulkdorlik huquqlari va imtiyozlarini daxlsiz saqlab qolishgan. 1911-1919 yillarda No’yon yana davlat hokimiyatiga ega bo’lishgan. Xalq inqilobining dastlabki yillaridayoq No’yon hokimiyatdan chetlatilib, barcha tabaqaviy imtiyozlardan maxrum etilganlar. 1940-yilga kelib Mo’g’ulistonda mulkdorlar sinf sifatida tugatilishi munosabati bilan No’yon tarix sahnasidan tushgan.