Oila kodeksi
Oila kodeksi (OK) – oilaviy- huquqiy munosabatlarni tartibga solib, oila a’zolari (ya’ni, er-xotinlar, ota-onalar, bolalar, shuningdek, farzandlikka oluvchilar va farzandlikka olinuvchilar va oilaning boshqa a’zolari) o’rtasidagi shaxsiy va mulkiy munosabatlarni tartibga soluvchi va mustahkamlovchi qonun hujjati. Huquqning alohida tarmog’i hisoblangan oila huquqining maxsus manbaidir. O’zbekiston Respublikasining amaldagi OK O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 1998 yil 30 apreldagi qarori bilan tasdiqlanib, ushbu yilning 1 sentabrdan amalga kiritildi. E’tiborlisi, OK mamlakatimizda «oila yili» deb e’lon qilingan yilda qabul qilindi. Kodeks 8 bo’lim, 30 bob, 238 moddadan iborat. Amaldagi OK bir qator oilaviy huquqiy munosabatlarni yangicha hal etgan. Chunonchi, milliy negizlarga asoslanganligi (quda-andachilik, qarindosh- urug’chilik, bobo-buvilar va nabiralar o’rtasidagi munosabatlarning yangicha talqini), umuminsoniy qadriyatlar aks etganligi (nikoh shartnomasi institutining kiritilishi, nikohlanuvchi shaxslarning tibbiy ko’rikdan o’tkazilishi) kabi hollar.