Oligofrenopedagogika

Oligofrenopedagogika (Oligofreniya va pedagogika) — aqli zaif bolalarni o’qitish, tarbiyalash, korrektsiyalash (tuzatish), ijtimoiy xayotga jalb etish masalalarini o’rganuvchi defektologiya tarmog’i. Oligofrenopedagogikaning asosiy vazifasi aqli zaif bolalarning rivojlanishida korrektsion tarbiyaning mohiyatini ochib berish, ulardagi nuqsonning rivojlanishini va nuqsonning o’zini bartaraf etish yo’llarini, maxsus maktab va maktabgacha tarbiya muassasalarida aqli zaif bolalar uchun maxsus ta’limtarbiya va korrektsion rivojlantiruvchi ish va metodlarni ishlab chiqish hamda takomillashtirishdan iborat. Oligofrenopedagogika umumiy va maxsus pedagogika, psixologiya, anatomiya, fiziologiya, genetika, nevropatologiya, pediatriya, oligofreniya klinikasi yutuqlariga asoslanadi. 19-asr boshlarida tibbiyot va pedagogikaning rivojlanishi tufayli muayyan yo’nalish sifatida vujudga keldi. O’sha asrning o’rtalarida frantsuz vrachi va pedagogi E.Segen (1812-80) aqli zaif bolalarni o’qitish va tarbiyalash nazariyasini ishlab chiqdi. Ayniqsa, uning «aqliy normal bo’lmagan bolalar tarbiyasi, gigiyenasi va axloqiy davosi» asari (1846) Oligofrenopedagogikada katta yutuq bo’ldi. Chet ellarda Oligofrenopedagogikaning shakllanishi J.Demor va O. Dekroli (Belgiya), B.Mennel va A.Fuks (Germaniya), A.Bine, J. Filipi va I.Bonkur (Frantsiya), V.M.Bexterev, P.F.Lesgaft, L.S. Vigotskiy (Rossiya) va boshqalar nomi bilan bog’liq. O’zbekistonda S.T.Aytmetova, K. K.Mamedov, P. M.Po’latova, M.I.Soatovalar tomonidan Oligofrenopedagogika bo’yicha o’quv qo’llanmasi tayyorlanib nashr etilgan. O’zbekistonda aqli zaif bolalarni tarbiyalash va o’qitish maxsus yordamchi maktablaraa amalga oshiriladi. Oligofrenopedagogikada bola his-tuyg’usini boyitishga, nutqini rivojlantirishga katta ahamiyat berilib, ta’lim-tarbiyaviy jarayonda ko’rgazmali qurollar va boshqa metodlardan keng foydalaniladi. Aqli zaif bolalarni psixologik-pedagogik o’rganish asosida har bir bolaga individual yondashiladi. O’zbekistonda oligofreno-pedagoglarni Toshkent pedagogika universiteti va pedagogika institutlarining Defektologiya fakultetlari tayyorlaydi. Oligofrenopedagogikaga oid ilmiy tadqiqot ishlari O’zbekiston pedagogika fanlari ilmiy tadqiqot institutida, Toshkent pedagogika universiteti va ayrim pedagogika institutlarining Defektologiya kafedralarida olib boriladi. Lola Mo’minova.