Ollanazarov Turesh

Ollanazarov Turesh (1916.11.9, Qo’ng’irot) — rejissyor, teatrshunos, dramaturg, tarjimon. O’zbekiston xalq artisti (1963). Moskvadagi teatr san’ati instituti qoraqalpoq studiyasini (1939), Toshkent teatr va rassomlik san’ati institutini (1951) tugatgan. Qoraqalpoq teatrida rejissyor (1939-47), bosh rejissyor (1951 — 59), O’zbekiston Fanlar Akademiyasi Qoraqalpog’iston bo’limining tarix, til va adabiyot institutida bo’lim mudiri (1959-66; 1968-74), katta ilmiy xodim (1983 yildan), Qoraqalpoq madaniyat vaziri (1966-68), Toshkent madaniyat institutida kafedra mudiri (1974— 83). O’z ijodi bilan qoraqalpoq milliy teatri, rejissurasi va aktyorlik san’atini professional darajaga ko’targan. «Maysaraning ishi», «boy ila xizmatchi» (Hamza), «Alpomish» (N. Dovqoraev, J. Obidov bilan hamkorlikda), «tengini topgan qiz» (A. O’tepov), «og’riq tishlar» (A. Qahhor), «Vassa Jeleznova» (M. Gorkiy), «o’g’irlangan baxt» (I. Franko), «Tartyuf» (J. Moler) kabi spektakllari o’tkir ifodaviyligi bilan ajralib turadi. «Oshiq G’arib» (A. Begimov bilan hamkorlikda), «Ravshan» (J. Oymirzaev bilan hamkorlikda), «Aypbergen Musaev», «Oydo’s bobo» kabi dramatik asarlar, «Qoraqalpoq teatri» (1966), «san’atimiz qaldirg’ochlari» (1969), «Qoraqalpoq Sovet dramaturgiyasi tarixi masalalariga doyr» (1987) va boshqa ilmiy asarlar muallifi.