Olmaota zilzilasi

Olmaota zilzilasi, Verniy zilzilasi — 1887 yil 9 iyun mahalliy vaqt bilan soat 4 dan 35 minut o’tganda sodir bo’lgan zilzila. Markazi Orqa Ili Olatovining shimoliy qismida bo’lib, kuchi 9-10 ballga yetgan. Zilziladan Olma-ota shahridagi 3000 ga yaqin bino butunlay xarobaga aylangan. 80 ga yaqin kishi halok bo’lgan. Zilzila episentral zonasining uz. 35 kilometr, kengligi 5 kilometrga yetgan. Yer yuzasida katta o’zgarishlar bo’lgan. Rus geologi I.V.Mushketov ma’lumoticha, zilzila natijasida orqa ili olatovining 1500-2000 metr balandlikdagi qoyalari qulab, Oqsoy, Oqtor daryolari vodiysini to’sib qo’ygan. Qulab tushgan ba’zi tosh bo’laklarining og’irligi 500 tonnadan oshgan. Tog’yon bag’irlarida kengligi 1 metrdan ortiq, uzunligi bir necha kilometrdan iborat yoriqlar hosil bo’lib, ulardan suv otilib chiqqan. Tog’ qulashi natijasida Daryo suvlari to’silib, bir qancha ovullarni suv bosgan. Olmaota zilzilasining o’chog’i 20— 30 kilometr chuqurlikda bo’lgan. Zilzilaning kuchi Toshkent, Urumchi, Ayag’uz va Qashqargacha borib yetgan. Zilzila vaqtida kuchli yomg’ir yoqqan. Zilzila 2 yil davomida vaqt-vaqti bilan qaytarilib, uning kuchi 6-7 ballga yetgan.