OLTI QO’SHUV IKKI (6+2) GURUHI

OLTI QO’SHUV IKKI (6+2) GURUHI — 1997 – 2001-yillar davomida faoliyat olib borgan ―6+2 guruhi 1997-yili O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov tashabbusi bilan BMT kotibiyatida tashkil topgan edi. Bu guruh Afg’onistonda o’sha paytda hukmron bo’lgan ikki asosiy harbiy kuch – Ahmadshoh Ma‘sud boshchiligidagi shimoliy kuchlar qo’shinlari va Mulla Umar boshchiligidagi Tolibon harakati qo’shinlari o’rtasidagi qurolli to’qnashuv va mojarolarni siyosiy yo’l bilan hal etish va bu mamlakatda tinchlik o’rnatishga qaratilgan edi. Mazkur muloqot guruhiga: Afg’onistonga chegaradosh 6 ta mamlakat: Eron Islom Respublikasi, Xitoy Xalq Respublikasi, Pokiston Islom Respublikasi, Tojikiston, Turkmaniston, O’zbekiston bilan birga AQSH va Rossiya davlatlari kiritilgan edi. Muloqot guruhining birinchi uchrashuvi 1997-yil 16 oktyabrda Nyu-Yorkda bo’ldi. Mazkur anjuman O’zbekiston rahbariyatining ko’p yillik sa‘y-harakatlari natijasi edi. Afg’onistondagi urushning o’z vaqtida tinch yo’l bilan hal etilmasligi mintaqaviy va global xavfsizlikka tahdid solishi mumkinligini oldindan ko’ra bilgan O’zbekiston Prezidenti Islom Karimov BMT Bosh Assambliyasining 1993 va 1995-yillardagi sessiyalarida, EXHT (1999) Istanbul sammiti hamda boshqa bir qator nufuzli anjumanlarda xalqaro hamjamiyatning diqqat-e‘tiborini afg’on xalqini o’zaro birodarkushlik urushidan xalos etish, mavjud mojarolarni tinch yo’l bilan hal qilish masalalariga jalb etgan edi. 1999-yil 19–20-iyulda ―6+2 muloqot guruhining navbatdagi Toshkent anjumanida ―Afg’onistondagi mojaroni tinch yo’l bilan bartaraf etish tamoyillari to’g’risidagi Toshkent deklaratsiyasi imzolandi. Bu hujjatda Afg’onistonda yangi hukumat tuzish, mojaroni tinch yo’l bilan hal etish, qochoqlarni o’z yashash joylariga qaytarish, mamlakat hududini minalardan tozalash, umumiy bitim imzolash, moliyaviy yordam kabi mintaqaviy dolzarb masala ko’tarilgan edi. Lekin 2001-yil 11-sentyabrdagi AQSHga terroristik hujumdan so’ng NATO blokiga a‘zo davlatlarning harbiy kuchlari Afg’onistonga kiritilib, Tolibon qo’shinlari tor-mor etilgach, ―6+2 guruhi faoliyati o’z-o’zidan to’xtab qoldi.