Oltin sanoati

Oltin sanoati, oltin qazib chiqarish sanoati— kon sanoatining tug’ma va sochma konlardan oltin qazib oluvchi tarmog’i. Oltin qazish juda qadim davrdan ma’lum. Turli mamlakatlarda: Gana (1471), Meksika (1500), Peru, Chili (1532), Braziliya (1577), Rossiya (Ural, 1745), Kanada (Kvebek, 1823), AQSh (kaliforniya, 1848; Kolorado, 1858; Alyaska, 1890), Avstraliya (1851), JAR (1884) va boshqa mamlakatlar hududlarida o’rta asrlardan boshlab boy oltin konlari topilgan va qazib olingan. 19-asrning oxiri va 20-asrning boshlarida yirik oltin konlarining ochilishi va texnikaning umumiy taraqqiyoti Oltin sanoatining rivojlanishiga zamin yaratdi. Dunyo bo’yicha 15-asrda 763 tonna, 17-asrda 914 tonna, 18-asrda 1890 tonna, 19-asrda 11616 tonna oltin olindi. O’rta Osiyoda, xususan, hozirgi O’zbekiston yerlarida oltin qazib olish va undan turli taqinchoklar, zargarlik buyumlari, bezaklar yasash miloddan avvalgi 6-5-asrlardayoq mavjud bo’lganligi arxeologik topilmalardan ma’lum. Tarixda O’zbekiston hududida 5-a.srgacha, 5-12 -asrlarda va 17— 20-asrlarda oltin qazib olingan 30 dan ortiq ko’xna oltin konlari bo’lgani aniqlangan. Tug’ma (erkin uchraydigan) oltin konlarini o’zlashtirishga qadar oltin, asosan, sochma konlarda ibtidoiy usullarda — oltin zarralari aralash qumni qo’y terisi qoplangan yog’och tog’oralarda yuvib, ajratib olingan. Sochma oltin olish 10— 11-asrlarda Chatqol, Chirchiq, Norin, Koson, So’x, Zarafshon, Darvoz daryolari vodiylarida olib borilganligi haqida manbalarda ma’lumotlar bor. O’rta asrlarda oltinli qumlarni yuvish bilan birga mo’g’ullar bosqiniga qadar Chatqol — Qurama, Nurota tog’larida, Markaziy Qizilqumdagi konlardan tug’ma oltin qazib olingan. Mo’g’ullar bosqinidan keyin O’rta Osiyoda kon qazish ishlari asta-sekin inqirozga yuz tutdi, ko’pgina oltin konlari unutildi. O’rta Osiyoning mineral xom ashyo resurslarini o’rganishda 19-asrning oxirgi choragida jiddiy ishlar olib borildi: o’lkaning barcha joylarida tadqiqotlar o’tkazildi, geologik xaritalar tuzildi, ayrim konlar tavsiflandi. 1917 yilgacha Chirchiq, Piskom va Chatqol daryolari vodiylarida kichik-kichik oltin izlovchilar korxonalari oltin olish bilan shug’ullanganlar, 1913-17 yillarda Obirahmat darasi (Toshkent viloyati)dagi «Nikolay» oltin konidan foydalanilgan. 1930-yillar boshida «O’zbekoltinnoyobmet» tresti tashkil etildi. O’sha yillari Ohangaron, Chirchiq daryolari vodiylarida, Qurama tog’larida oltin izlovchilar oltinni qumni yuvish usulida ajratib olar, yillik oltin bir necha o’n kilogrammdan oshmas edi. Keyinchalik o’sha joylarda rudali oltin konlari topildi. 1941-45 yillarda oltin izlovchilik (Artel) yo’li bilan oltin ajratib olish jadal olib borildi, olingan yillik oltin miqdori qariyib 50 kilogrammga yetdi. 1950 yil sochma oltin izlash ishlari to’xtatildi. 1950-yillardan rudali oltin konlarini izlash va razvedka qilish bo’yicha olib borilgan fundamental tadqiqotlar natijasida Qoraqo’ton, Bichanzor, Pirmirob, G’o’zaksoy, so’ngra Qo’shbuloq, Muruntov, Chormiton, Marjonbuloq, Kauldi, Kizilolmalisoy, Sarmich va boshqa ruda konlari topildi. 1965 yil SSSR rangli metallurgiya vazirligiga bo’ysunuvchi «O’zbekoltin» birlashmasi va b.oshqa oltin qazib olish korxonalari tashkil etildi. Qazib olgan flyus rudalaridan Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining mis eritish zavodida oltin ajratib olish yo’lga qo’yildi. 1970 yilda Chodak oltin koni ishga tushirildi. O’sha vaqtdan respublikada Oltin sanoati shakllandi, oltin olish oldingi yillarga nisbatan 3 marta ko’paydi. 1972 yil Qo’shbuloq koni va Angren oltin ajratish fabrikasi loyiha quvvatlarida ishlay boshladi. 1977 yil Kauldi, 1980 yil Marjonbuloq oltin qazib olish majmuasi, 1989 yil Zarmitan va Qizilolmalisoy konlari foydalanishga topshirildi. O’zbekiston mustaqillikka erishishi bilan O’zbekiston hukumati uzoq yillar davomida SSSRning Markaziy hukumati ixtiyorida bo’lgan oltin qazib olish sanoatini respublika mustakilligini mustahkamlash yo’lida rivojlantirish bo’yicha bir qancha tashkiliy choralarni ko’rdi. O’zbekiston rivojlangan kon qazib olish sanoati hamda yirik resurs potentsialiga ega bo’lib, 1999 yildan e’tiboran yillik oltin qazib chiqarishni keskin ko’paytirdi. Respublika oltin qazib olish sanoatining yirik markazi «Qizilqumnodirmetall-oltin» kontsernining (1991) bosh korxonasi — Navoiy kon-metallurgiya kombinati. Oltin qazib olish bo’yicha «Zarafshon-Nyu- Mont» O’zbekiston-AQSh qo’shma korxonasi 1995 yildan boshlab samarali faoliyat yurgizib kelmokda. Korxona yiliga 10 tonnadan ziyod oltin ishlab chiqaradi. 1995 yil Markaziy Qizilqumdagi Amantaytov oltin konini o’zlashtirish maqsadida Buyuk Britaniyaning «Oksus Mayning» kompaniyasi b-n hamkorlikda «Amantaytau Golfildz» (AGF) qo’shma korxonasi tuzildi. Loyihaning ilk bosqichi amalga oshirilishi bilan ko’zda tutilgan ishlab chiqarish unumdorligiga erishiladi. Chormiton oltin konini ishga tushirish ko’zda tutilayotgan «Maltipleks Mayning» (Avstraliya) kompaniyasi bilan hamkorlikda Zarmitan loyihasi ham nihoyasiga yetkazilmoqda. Yiliga 9 tonna oltin ishlab chiqarish imkoniyatini beradigan ushbu loyihani amalga oshirish uchun sarflangan dastlabki investitsiya hajmi 69,8 million AQSh dollarini tashkil etdi (2003). Toshkent va Namangan viloyatlarida joylashgan konlarda oltin qazib chiqarish ishlari Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida amalga oshiriladi. Uning tarkibida Angren, Kauldi va Chodak konchilik korxonalari, Angren va Chodak oltin ajratish fabrikalari faoliyat ko’rsatadi. O’zbekiston oltini asillik darajasi (probasi) jihatdan jahonda oldingi o’rinlarni egallaydi. O’zbekiston Oltin sanoatida bir yilda 80 tonna atrofida oltin ishlab chiqariladi. 1994 yilda Navoiy kon-metallurgiya kombinatida olingan oltin yombilar London rangli metallar birjasining sertifikatini olgan. Nurmuhammad Ahmedov, Yuriy Paramonov.