Oltingugurt rudalari

Oltingugurt rudalari – tarkibidagi sof oltingugurt kontsentratsiyasi texnik va iqtisodiy jihatdan ajratib olish foydali bo’lgan tabiiy mineral hosilalar. Oltingugurt rudalari uni o’z ichiga olgan tog’ jinslariga qarab ajratiladi. Oltingugurt rudalarini tashkil qiluvchi asosiy minerallar: sof oltingugurt, kaltsit, dolomit, gips, angidrit, tselestin, kvars, xaltsedon, opal, gilli minerallar, pirit, alunit. Tarkibida oltingugurt 25%dan ortiq bo’lsa boy, 10— 25% — o’rtacha, 5-10% — kambag’al ruda hisoblanadi. Birga uchraydigan foydali komponentlari (oltingugurtdan tashqari) — ohaktoshlar (Flotatsiya chiqindilari tuproqni ohaklash uchun ishlatiladi), tselestin, pirit, alunit; zararlisi — organik moddalar (bitumlar), As, Se. Oltingugurt rudalarining uyumlari qatlamsimon, linzasimon, uyasimon bo’ladi; qalinligi bir necha o’n santimetrdan bir necha o’n metrgacha. Oltingugurt rudalari konlarining asosiy genetik va sanoat tipi — cho’kindi qatlamlarning infiltrasion-metasomatik sulfatlari va tuz gumbazlarining keproklari. Oltingugurt rudalaridan tashqari, oltingugurt va uning birikmalari kolchedan, mis rudalari chiqindilari va boshqa sulfidli rudalardan, yonuvchi tabiiy gaz tarkibidagi vodorod sulfid, bitumli qumtosh, oltingugurtli neft va boshqalardan ham olinadi. Bularning barchasi tarkibida oltingugurt bo’lgan xom ashyo hisoblanadi. Rudalardan oltingugurt kon texnologiyasi (dunyo bo’yicha olinayotgan oltingugurtning 10-20%) va Geotexnologiya (90-80%) yo’li bilan ajratib olinadi. Oltingugurt rudalari konlarining aksari qismi Iroq, AQSh, Chili, Meksika, Polsha, Ukraina, Rossiya Federatsiyasi, Turkmanistonda joylashgan. Ad.: Geologiya mestorojdeniy samorodnoy Seri, M., 1969; Vulkanicheskie sernie mestorojdeniya i Nekotorie Problemi gidrotermalnogo rudoobrazovaniya, M., 1971.