ONG (GURUHIY)
ONG (GURUHIY) — ijtimoiy ong turi. Turli guruhlar faoliyati bilan bog’liq ravishda guruhiy ong kundalik ong darajasida avval stixiyali shakllanadi. So’ng yetakchilar (nazariyotchilar, mafkurachilar) ishtirokida anglana boradi. Natijada uning tuzilishi ichki yaxlitlikka, tugallikka, ziddiyatlardan holilikka ega bo’ladi, uning guruh a’zolari bilan funksional aloqalari esa qat’iylik kasb etadi. Har bir ijtimoiy guruh faqat o’ziga xos ongga ega bo’lgani uchun guruhiy onglar xilma-xildir. Katta va kichik, rasmiy va norasmiy, sinfiy, milliy, kasbiy, yoshga ko’ra va hokazo guruhiy onglar ajratiladi. Ularning har biri ikkinchisidan mazmuniga ko’ra (masalan, ob‘yekti, belgisi, guruh hissiyotlarining yo’nalganligi, qadriyatiy intilishlar va ideallari tabiati, guruh maqsadlari, ularga erishish yo’llari va vositalari to’g’risidagi tasavvurlar) hamda ularning tarkibiga kiruvchi elementlar soni, tabiati, kompozitsiyasi, aloqalari (masalan, guruh baholashi, temperamenti) bilan, shuningdek, amal qilish usullari bilan (masalan, katta va kichik guruhlarda qoidalar shakllanish mexanizmlari turlicha bo’ladi) farq qiladi.