Oqsil kasalligi

Oqsil kasalligi, oqsim, yashchur — asosan, juft tuyoqli hayvonlarda shiddatli o’tadigan yuqumli kasallik. Hayvonlarning og’iz-burun, tuyoq va elin terisi epiteliylarida pufakchalar hosil bo’ladi. Oqsil kasalligi odamlarga ham yuqishi mumkin. Kasallangan hayvonlar suti kamayadi, ozib ketadi, bola tashlaydi: 50— 70% o’ladi. Oqsil kasalligi Osiyo va Afrika mamlakatlarida ko’p uchraydi. Qo’zg’atuvchisi — filtrlanuvchi virus; u 1897 yil Leffler va Frosh tomonidan aniqlangan. Hozirgi vaqtda immunologik xossalariga ko’ra, 7 xili va ko’pgina variantlari aniqdangan. O. xili — 13, S xili — 5, SAT-1—7, CAT-2 xili — 3, SAT-3 xili -4 va Osiyo -1 xili esa 2 variantda mavjud. Viruslar tashqi muhit ta’siriga chidamli, ajralib tushgan teri epiteliylarida 67 kun, axlat va siydikda 39 kun, muzlagan go’shtda 680 kun, ko’lmak suvda 103 kun o’z xususiyatini saqlaydi. Sovuq uncha ta’sir qilmaydi, yuqori haroratda tez o’ladi, o’yuvchi ishqor va formaldegid kuchli ta’sir etadi. Kasallik hayvondan og’iz, jarohatlangan teri va shilimshiq pardalar orqali yuqadi hamda 2-3 oylik buzoqlar, qo’zilar va cho’chqa bolalarida, ko’pincha, og’ir, epizootik yoki panzootik ko’rinishda o’tadi. Virus organizmga tushib, teri epiteliysida rivojlanadi va shu joyni yallig’lantiradi; keyinchalik qonga o’tib, septisemiya avj oladi. Kasallikning tipik va xavfli (atipik) ko’rinishlari bor. Tipik ko’rinishda so’lak ajralishi kuchayadi, kavsh qaytarish susayadi va tana harorati 40,5—41,5°gacha ko’tariladi. Kasallikning 2-3 kuni og’iz bo’shlig’ining shilimshiq pardalarida, tuyoq oralig’i va elin terisi epiteliysida pufakchalar vujudga keladi. Keyinchalik ular yorilib, eroziyalar paydo bo’ladi, hayvon oqsaydi, tuyog’i tushishi mumkin. Mastitlar, endometritlar rivojlanadi. Yosh buzoqlarda shiddatli gastroenterit paydo bo’lib, ko’pincha, o’lim bilan tugaydi. Xavfli ko’rinish, ko’pincha, tipik ko’rinishning davomi bo’lib, tuzala boshlashning 7-10-kunida birdaniga hayvon holati og’irlashadi, yurak falaji natijasida 20-50% hayvon o’ladi. Kurash choralari: og’iz jarohatlari kaliy permanganat, furasillin eritmalari bilan chayib turiladi. Tuyoq jarohatlari formalin eritmasi, yod nastoykasi yoki kaliy permanganat-streptosid aralashmasi, elin jarohatlari esa antiseptik mazlar bilan davolanadi. Oldini olish: karantin e’lon qilinadi, faol va passiv immunizatsiya tashkil etiladi, kasal hayvonlar sog’lomlaridan ajratib davolanadi. Molxonalar har kuni dezinfektsiya qilinadi. Dezinfektsiya uchun 1% formaldegid eritmasi tavsiya etiladi. Go’ng biotermik yo’l bilan zararsizlantiriladi. Shunday hayvonlarning go’sht va sut mahsulotlarini qaynatib iste’mol qilish mumkin. Odamlar Oqsil kasalligi bilan juda kam kasallanadi. Ularga Oqsil kasalligi kasal hayvonlar orqali, xom sut iste’mol qilganda yuqishi mumkin. Muhsin Hasanov, Ermuhammad Toshpo’latov.