Orol, ota

Orol, ota — 1) hamma tomondan okean, dengiz, ko’l yoki daryo suvi bilan o’ralgan, maydoni uncha katta bo’lmagan quruqlik. Yakka Orol va Orollar guruhi — arxipelaglar mavjud. Hosil bo’lishiga ko’ra, materik, oraliq zona va okean Orollari bo’ladi. Materik Orollari quruqlikning cho’kishi, yuvilib ketishi, daryolar kesib o’tishi, dengiz qirg’oqlari yaqiniga cho’kindi jinslar to’planishi natijasida materikdan ajralib hosil bo’ladi. Odatda, ular materik sayozligida joylashadi: Grenlandiya, Kalimantan, Madagaskar va boshqalar. Oraliqzona Orollari va okean Orollari dengiz tagidan vulkan otilib chiqishi natijasida vulkan jinslari to’planishidan va dengiz poliplari — marjonlar faoliyati tufayli vujudga keladi; 2) ko’rinishi atrofidagi manzaralardan farq qiladigan joylarning nomi (masalan, Oroltepa, Orol dengizi, Ko’korol).