Ortopediya

Ortopediya (orto… va lotincha Paideia — parvarish qilish) — tibbiyotning bir sohasi. Tug’ma nuqsonlar, shikastlar va turli kasalliklar oqibatida tayanch harakat a’zolari shakli va funktsiyasining buzilishini aniqlash, davolash va oldini olish yo’llarini o’rganadi. Hozirgi Ortopediya faniga frantsuz vrachi N. Andri (1658-1742) asos solgan. Ortopediya uzoq tarixga ega. Umurtqa pog’onasining qiyshayishi, maymoik, son suyagining bo’ksa bo’g’imidan chiqishi, singan va chiqqan suyaklarni solish va to’g’rilash usullari Gippokrat asarlaridayoq mufassal bayon etilgan edi. Qadimgi zamon vrachlari Asklepiy, galen va boshqalar ham Ortopediyaga ko’pgina yangilik kiritdilar. O’sha davrda taklif qilingan «lordoz» (umurtqa pog’onasining oldinga qiyshayishi), «kifoz» (orqaga qiyshayishi), «skolioz» (yonboshga qiyshayishi) kabi terminlar Ortopediyada shu kunga qadar o’z mohiyatini saqlab qoldi. O’rta Osiyo olimlaridan Abu Ali ibn Sino, Abdulqosim Abdurahmon va boshqalar o’z asarlarida silash usullarini tasvirladilar va singan qo’l yoki oyoqqa gips bog’lov qo’yishni amalda tatbiq etdilar. Fransuz xirurgi A. Pare esa qo’l yoki oyoq suyaklarining sinishi, chiqishi, umurtqa pog’onasining qiyshayishi, tug’ma maymoqlik va boshqalarning kelib chiqish sabablarini tasvirladi, turli davo usullarini taklif etdi. 18-asr oxirlarida maxsus ortopedik davolash muassasalari tashkil topdi. Singan qo’l-oyoq suyagini davolashda Yevropada birinchi marta gips qo’llanila boshladi. Ortopediyada konservativ davo usullaridan redressasiya, singan qo’l-oyoqni cho’zish, gips bog’lov qo’yish, silash, davo mashqlari va boshqalardan ham keng foydalaniladi. Antiseptika, aseptika, narkoz, keyinchalik rentgenografiyaimt rivojlanishi bilan Ortopediyada osteotomiya, osteosintez, artroplastika, muskul paylarini ko’chirib o’tqazish kabi operativ metodlar ham qo’llaniladi. 1806 yilda rus xirurgi E.O. Muxin harakat a’zolari xirurgiyasini tasvirlab berdi. N. I. Pirogov Ortopediya sohasida ilmiy asarlar, N. Ellinskiy desmurgiya to’g’risida qo’llanma, N. I. Studenskiy «Ortopediya kursi»ni yaratdi va hokazolar. Rus vrachi I. V. Rkliskiy birinchi bor suyakni pardasi ostidan arralab operasiya qildi. Bu davrda son va tizza protezlari takomillashtirildi. 19-asr oxirida V. I.Kuzmin singan va bitmagan suyaklarni nikel shtiftlar bilan biriktirish usulini amalda tatbiq etdi. 1900 yilda Peterburg harbiy-tibbiyot akademiyasida birinchi Ortopediya kafedrasi va klinikasi tashkil etilib, 1906 yilda institutga aylantirildi. O’zbekistonda bu soha 20-yillarda rivojlana boshladi. 1926 yilda O’rta Osiyo universitetining tibbiyot fakultetida suyak sili va ortopediya dotsentlik kursi joriy etilishi, 1930 yilda fizioterapiya institutida Ortopediya klinikasi ochilishi, uning 1931 yilda ortopediya, travmatologiya va suyak sili ilmiy tadqiqot institutiga aylantirilishi travmatologiya va ortopediya muammolari ustidagi tadqiqot ishlarining rivojlanishiga imkon berdi. 1940 yil institut berkitildi, lekin uning klinikasi Toshkent tibbiyot instituti tarkibida o’z faoliyatini davom ettiraveradi. 2-jahon urushi yillarida O’zbekistonda ko’plab gospitallar ochildi, yaradorlarni davolash, ularni hayotga, mehnatga qaytarish yo’lida respublikamiz mutaxassislari professor O. Sh. Shokirov, professor N. M. Shomatov va boshqa katta tajriba orttirdilar. Bu O’zbekistonda suyak jarroxligi va protezlash sohalarining rivojlanishiga asos bo’ldi. Urushdan keyingi yillarda ilmiy tadqiqot ishlari tobora chuqurlashtirib borildi. O’zbek olimlari tomonidan jarohatlarni davolashda suyak plastikasi qilish (N. M. Shomatov), Sharq tabobati usullarini qo’llash (O. Sh. Shokirov) ustida chuqur ilmiy ishlar olib borildi. Shu bilan bir qatorda O’zbekiston uchun juda muhim muammo — bolalarda tug’ma majruxliklarning oldini olish va davolash masalasiga katta e’tibor berildi. N. M. Shomatov boshchiligidagi olimlarning harakatlari natijasida O’zbekistonda bolalar ortopediyasi xizmati tashkil topdi. 70-80-yillarda O’zbekistonda o’lka patologiyasi deb hisoblanadigan keng tarqalgan ortopedik kasalliklarni davolash ustida ilmiy tadqiqotlar olib borildi. Qo’l-oyoqlarning kuyishdan keyingi shakl o’zgarishlarini teri plastikasi yordamida davolash (K. X. Tagirov, B. M. Mirazimov, R. F. Bashkinova, S. M. Mannonov), bolalar tserebral falaji (B. V. Shavarin), suyak sinishini (O’. S. Islombekov), osteomielit kasalligini (Sh. Sh. Hamroev, Sh. B. Turg’unov) davolash bo’yicha qilingan ilmiy ishlar mamlakatda travmatologiya va ortopediya fanining rivojlanishida katta rol o’ynadi. O’zbekiston Respublikasida ortopedik kasalliklarni Ilizarov usulida davolash bo’yicha ilmiy tadqiqotlar professor B. M. Mirazimov nomi bilan bog’liqdir. Hozir Ortopediya masalalari bilan Travmatologiya va ortopediya ilmiy tadqiqot instituti, shuningdek, barcha tibbiyot institutlaridagi ortopediya va travmatologiya kafedralari shug’ullanadi. Shahob Hamroyev.