Orxit

Orxit (Yunoncha orchis — moyak. itis — yallig’lanish) — moyakning yallig’lanishi. Ko’pincha yuqumli kasalliklar (gripp, tepki, sil va boshqalar) asorati sifatida yoki yorg’oqqa shikaet etishi oqibatida paydo bo’ladi. Kasallik birdan boshlanadi: gavda temperaturasi ko’tariladi, moyak qattiq og’riydi, kattalashib, tarang tortadi va bezillab turadi. Kasallik belgilari paydo bo’lishi bilan vrachga murojaat etish va uning ko’rsatmalariga qat’iy amal qilish zarur, aks holda yallig’lanish jarayoni avj olib moyak funktsiyasiga jiddiy putur yetishi mumkin. Bemor o’rinda yotishi va suspenzoriy taqishi lozim. Yallig’lanish jarayoni tarqalib, temperatura normallashgandan keyin ham suspenzoriy taqish yoki siqib turadigan trusik (plavki) kiyib yurish kerak, vaqtincha jinsiy aloqadan o’zni tiyish tavsiya etiladi.