Ostroumov Nikolay Petrovich

Ostroumov Nikolay Petrovich (1846.15.2, Tambov gubernyasi — 1930.17.2, Toshkent) — Turkistonda faoliyat ko’rsatgan rus missioneri, sharqshunosi, etnografi. Qozon diniy akademiyasida o’qigan (1866-70). 1877 yildan Toshkentda yashagan. Xalq bilim yurti inspektori, o’qituvchilar seminariyasi (1879 yildan) va erlar klassik gimnaziyasi direktori (1889). Ayni vaqtda «Turkestanskaya tuzemnaya gazeta» («Turkiston viloyatining gazeti») muxarriri (1883-1917). Oktabr to’ntarishidan so’ng sovet idoralarida ishlagan. O’lkashunoslikka oid ko’pgina ilmiy asarlar muallifi. O’zbekiston xalqining hayoti va turmush sharoitini yaxshi bilgan. Ayrim asarlari Toshkent shahriga bag’ishlangan: «Toshkentdan Samarqandgacha, 1901; «Toshkent shahrining so’nggi shayxulislomi va qozikaloni aka-uka Oyxo’ja va Hakimxo’jalar», 1915 va boshqalar. Toshkent hududida arxeologik kuzatishlar olib borgan (sobiq Nikiforov erlarida, Shohnishintepa va boshqalar). Turkiston arxeologiya havaskorlari to’garagining tashkilotchilaridan va faol a’zolaridan bo’lgan. Ostroumov tashabbusi va ishtirokida A. S. Pushkin, L. N. Tolstoy asarlaridan namunalar o’zbek tiliga tarjima etilgan. Mahtumquli, Muqimiy, Furqat va boshqa shoirlarning asarlarini Markaziy va mahalliy matbuotda chop ettirgan. o’zbek folklori namunalari (ertak, maqol va matallar)ni to’plagan va nashr ettirgan. Shu bilan birga Ostroumov monarxizm va pravoslav missionerligi ruhida tarbiyalangan bo’lib, Rossiya imperiyasi tarkibida yashagan xalqlarni ruslashtirish siyosati tarafdori bo’lgan.